11 903.150 so‘m

decrease

-62.360

13 329.150 so‘m

decrease

-108.120

146.750 so‘m

increase

0.790

11 903.150 so‘m

decrease

-62.360

Yaqin 2 soat ichida
Iqtisodiyot
25

Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik 7,3 mln soʻmga yaqinlashdi

Yanvar–sentabr oylarida oʻrtacha ish haqi 18 foizga oshib, 7,27 mln soʻmni tashkil etdi. Eng yuqori maosh Toshkent shahrida, eng pasti Qashqadaryoda qayd etildi. Moliya sohasidagi oʻrtacha oylik tibbiyotdagidan 4,4 baravar yuqori boʻldi.

Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik 7,3 mln soʻmga yaqinlashdi

2026 yilning yanvar–sentabr oylarida Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 7 mln 274,1 ming soʻmga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasining 27 oktabrda eʼlon qilgan hisobotida maʼlum qilindi.

Koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 18 foizga yoki 1 mln 107,9 ming soʻmga oshgan. 2025 yilning toʻqqiz oyida oʻrtacha oylik 6 mln 166,2 ming soʻm boʻlgan.

Hududlar orasida Toshkent shahri 12 mln 300,8 ming soʻm bilan yetakchi boʻlib qolmoqda. Keyingi oʻrinlarni Navoiy — 8 mln 820,5 ming soʻm va Toshkent viloyati — 6 mln 889,9 ming soʻm egallagan.

Eng past koʻrsatkichlar Qashqadaryo — 4 mln 969,7 ming soʻm hamda Surxondaryoda — 4 mln 988,9 ming soʻm qayd etilgan. Poytaxtdagi oʻrtacha oylik Qashqadaryodagidan qariyb 2,5 baravar yuqori.

Shunday qilib, respublika oʻrtachasidan yuqori maosh faqat Toshkent shahri va Navoiy viloyatida kuzatilgan. Qolgan 12 hududda koʻrsatkich 7,27 mln soʻmdan past boʻlgan.

Ish haqi eng tez Namanganda — 20,3 foiz, Jizzaxda — 19,8 foiz va Toshkent viloyatida — 19,1 foizga oshgan. Eng past oʻsish Samarqandda kuzatilgan — 11,5 foiz.

Sohalar kesimida bank, sugʻurta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati eng yuqori maosh boʻyicha yetakchilik qilmoqda. Bu yoʻnalishda oʻrtacha oylik 19 mln 712,6 ming soʻmni tashkil etgan.

SohaOʻrtacha oylik, mln soʻm
Bank, sugʻurta, lizing, kredit va vositachilik19,71
Axborot va aloqa17,01
Tashish va saqlash11,27
Sanoat8,37
Savdo7,69
Qurilish7,14
Sanʼat, koʻngil ochish va dam olish5,73
Yashash va ovqatlanish xizmatlari5,36
Taʼlim5,02
Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar4,45

Taʼlimda oʻrtacha maosh 19,6 foizga oshgan boʻlsa-da, respublika koʻrsatkichidan qariyb 2,26 mln soʻm pastligicha qolgan. Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarda esa oylik 18,2 foizga koʻpaygan.

Taʼlimning oʻzida ham sezilarli farq bor. Oliy taʼlimda oʻrtacha oylik 11,52 mln soʻmni, texnik va professional taʼlimda 5,35 mln soʻmni tashkil etgan. Umumiy oʻrta taʼlimda koʻrsatkich 4,79 mln, maktabgacha taʼlimda esa 2,85 mln soʻm boʻlgan.

Qoʻmita hisobotida median ish haqi boʻyicha eksperimental hisob-kitoblar ham keltirilgan. Yanvar–avgust oylarida bu koʻrsatkich 4 mln 166,3 ming soʻmni tashkil etgan.

Mediana hisobga olingan xodimlarning ish haqini teng ikki guruhga ajratuvchi miqdor: yarmi shu chegaradan kam, qolgan yarmi koʻp maosh oladi. Unga juda yuqori ish haqi oluvchi kichik guruhning taʼsiri oʻrtacha koʻrsatkichdagiga qaraganda kamroq boʻladi.

Medianani toʻqqiz oylik oʻrtacha ish haqi bilan bevosita taqqoslab boʻlmaydi. Sentabr boʻyicha shaxslar kesimidagi maʼlumotlar hali toʻliq shakllanmagani sababli u sakkiz oy uchun hisoblangan.

Maʼlumot uchun, hisobotdagi oʻrtacha va median ish haqi soliqlar chegirilishidan oldingi summalarni bildiradi. Hisob-kitoblarga kichik tadbirkorlik subʼektlari va qishloq xoʻjaligi korxonalari kiritilmagan. Oʻrtacha oylikning 18 foizlik oʻsishi ham inflyatsiya hisobga olinmagan nominal oʻsishdir.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+