11 823.690 so‘m

increase

45.170

13 797.060 so‘m

increase

63.310

139.740 so‘m

increase

0.780

11 823.690 so‘m

increase

45.170

Yaqin 1 soat ichida
Iqtisodiyot
34

Oʻzbekistonda muomaladagi naqd pul rekord darajaga yetdi

Oʻzbekistonda muomaladagi naqd pullar bir yil ichida 16,4 trln soʻmga koʻpayib, rekord 76,3 trln soʻmga yetdi. Shu bilan birga, jami pul massasi 37,6 foizga oshib, 434,5 trln soʻmni tashkil etdi.

Oʻzbekistonda muomaladagi naqd pul rekord darajaga yetdi

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil 1 avgust holatiga Oʻzbekistonda muomaladagi naqd pullar hajmi 76,3 trln soʻmni tashkil etdi. Bu Markaziy bankning 2013 yil fevraldan boshlanadigan statistik qatoridagi eng yuqori koʻrsatkich.

Naqd pul hajmi bir oyda 1 trln soʻm yoki 1,4 foizga oshgan. Oʻtgan yilning shu davridagi 59,8 trln soʻmga nisbatan oʻsish 16,4 trln soʻm yoki 27,5 foizni tashkil etdi.

Yil boshidan buyon muomaladagi naqd pullar 7,8 trln soʻmga koʻpaygan. Taqqoslash uchun, 2026 yil boshida bu koʻrsatkich 68,5 trln soʻm edi.

Ayni paytda, keng maʼnodagi pul massasi — M2 hajmi 434,5 trln soʻmga yetdi. Koʻrsatkich iyul oyida 9,4 trln soʻm yoki 2,2 foizga, bir yil ichida esa 118,8 trln soʻm yoki 37,6 foizga oshgan.

Natijada naqd pullar umumiy pul massasidan sekinroq oʻsdi. Ularning M2 tarkibidagi ulushi bir yil ichida 19 foizdan 17,6 foizgacha, yaʼni 1,4 foiz punktga qisqardi.

Jami pul massasining 361,2 trln soʻmi milliy valyutadagi mablagʻlarga toʻgʻri keladi. Ularning hajmi bir oyda 7,3 trln soʻmga, bir yilda esa 109,1 trln soʻm yoki 43,3 foizga koʻpaygan. Milliy valyutadagi mablagʻlar hozir umumiy pul massasining 83,1 foizini tashkil etmoqda.

Naqd pullar va milliy valyutadagi talab qilib olinguncha depozitlarni birlashtiruvchi tor maʼnodagi pul massasi — M1 hajmi 161,8 trln soʻmga yetgan. Bu bir oy oldingiga nisbatan 1,4 trln soʻmga, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan esa 43,4 trln soʻm yoki 36,7 foizga koʻp.

M1 tarkibidagi talab qilib olinguncha depozitlar hajmi 85,5 trln soʻmni tashkil etdi. Ular iyul oyida 384,6 mlrd soʻmga oshgan boʻlsa, bir yillik oʻsish 27 trln soʻm yoki 46,1 foizga yetdi.

Milliy valyutadagi boshqa depozitlar hajmi esa 199,4 trln soʻmga yetgan. Asosan jamgʻarma va muddatli mablagʻlarni qamrab oluvchi ushbu depozitlar bir oyda 5,9 trln soʻmga, bir yil ichida 65,7 trln soʻm yoki 49,1 foizga koʻpaydi.

Shu tariqa, bir yillik pul massasi oʻsishining 55 foizdan ortigʻi milliy valyutadagi boshqa depozitlar hisobiga shakllangan. Ularning jami M2 tarkibidagi ulushi 42,4 foizdan 45,9 foizgacha oshdi.

Xorijiy valyutadagi depozitlarning soʻmdagi ekvivalenti 73,3 trln soʻmni tashkil etdi. Koʻrsatkich bir oyda 2,1 trln soʻm yoki 2,9 foizga, bir yilda esa 9,7 trln soʻm yoki 15,3 foizga koʻpaygan.

Biroq xorijiy valyutadagi depozitlar soʻmdagi pul va depozitlardan sekinroq oʻsdi. Natijada ularning umumiy pul massasidagi ulushi bir yil ichida 20,1 foizdan 16,9 foizgacha, yaʼni 3,3 foiz punktga kamaydi.

Markaziy bank M2 tarkibiga bank tizimidan tashqaridagi naqd pullar hamda aholi, xususiy sektor va ayrim tashkilotlarning milliy va xorijiy valyutadagi talab qilib olinguncha, jamgʻarma va muddatli depozitlarini kiritadi. Koʻrsatkichlardagi oʻsish nominal hisoblangan boʻlib, narxlar oʻzgarishi taʼsiri chiqarib tashlanmagan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+