Oʻzbekistonda mehnat bozori qanday oʻzgarmoqda?
Boʻsh ish oʻrinlari soni 41 mingga tushib, ishsizlik darajasi 5.7% ga kamaydi.
Shu bilan birga, mehnat migratsiyasi 6.2 million kishiga yetib, 2023 yilga nisbatan 29% ga oshdi.
Oʻrtacha ish haqi esa 5.4 million soʻmni tashkil etib, real oʻsish 7.1% ga yetdi.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2024 yil IV choragida 41 ming boʻsh ish oʻrni eʼlon qilingan. Bu III chorakdagi 54 ming ish oʻringa nisbatan kamroq boʻlsa-da, mavsumiy omillar va tezroq ishga joylashish jarayonlari bunga sabab sifatida keltirilmoqda. Eng talabgir sohalar chakana savdo (21%), ishlab chiqarish (16.1%) va umumiy ovqatlanish (15.7%) boʻlib qolmoqda. Biroq, qurilish (-45%), umumiy ovqatlanish (-30%) va taʼlim (-26%) sohalarida boʻsh ish oʻrinlari kamaygan.
Ishsizlik darajasi 2024 yil III choragi yakuniga kelib 5.7% ga tushdi (2023 yilda 6.8% edi). Iqtisodiy faol aholi soni 15.1 million kishiga yetib, bandlik darajasi 14.2 millionga oshdi. Yangi ish oʻrinlarining aksariyati xizmat koʻrsatish va texnologik sohalar hisobiga yaratilgan boʻlsa-da, qishloq xoʻjaligi va sanoatdagi bandlik pasaymoqda.
2024 yilda yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 18% ga oshib, 284 mingga yetdi. Ularning aksariyati chakana savdo va maishiy xizmat koʻrsatish sohalarida faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, oʻzini oʻzi band qilganlar soni 4.5 million kishiga yetib, 2023 yilga nisbatan 1.8 barobarga koʻpaydi.
Ish haqi oʻzgarishlari

2024 yil yakunida oʻrtacha nominal ish haqi 5.4 million soʻmni tashkil etdi, bu 2023 yilga nisbatan 17.4% ga koʻp. Real ish haqi esa 7.1% ga oshgan. Eng yuqori oʻrtacha ish haqi qurilish sohasida (5.9 million soʻm) qayd etilgan boʻlsa, taʼlim (3.64 million soʻm) va sogʻliqni saqlash (3.41 million soʻm) sohalarida nisbatan pastroq darajada qolmoqda. Bank-moliya, axborot-kommunikatsiya va umumiy ovqatlanish sohalarida ish haqi oʻsish surʼati pasaygan.
Mavzuga doir: 2024 yil Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik ish haqi qancha boʻldi?
Mehnat migratsiyasi
2024 yilda Oʻzbekiston fuqarolarining mehnat migratsiyasi sezilarli oshib, 6.2 million kishiga yetdi (2023 yilga nisbatan 29% koʻp).
Eng koʻp migratsiya Rossiya va Qozogʻistonga yoʻnaltirilgan boʻlsa, Yevropa Ittifoqi (Polsha, Litva, Germaniya, Latviya) mamlakatlariga migratsiya hajmi ortmoqda.
Buyuk Britaniyada mavsumiy vizalarga talab yuqori boʻlib, Janubiy Koreyada ham taʼlim va mehnat migratsiyasi oʻsishda davom etmoqda. Shuningdek, Turkiyada yashash guvohnomasi olgan Oʻzbekiston fuqarolari soni 45.3 mingga yetgan.