Oʻzbekistonda kartadan-kartaga pul oʻtkazishda oʻtkazma maqsadini koʻrsatish talab qilinishi mumkin
Markaziy bank tijorat banklari va toʻlov tashkilotlariga mobil ilovalar orqali amalga oshiriladigan kartadan-kartaga oʻtkazmalarda “oʻtkazma maqsadini koʻrsatish” funksiyasini joriy etish boʻyicha koʻrsatma yuborgan. Yangi tartibga koʻra, foydalanuvchilar pul oʻtkazayotganda oʻtkazma sababini tanlashi kerak boʻladi.

Endilikda Oʻzbekistonda kartadan-kartaga pul oʻtkazilganda oʻtkazma maqsadini ham koʻrsatish talab qilinishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga koʻra, Markaziy bank tijorat banklari hamda toʻlov tashkilotlariga mobil ilovalar orqali amalga oshiriladigan kartadan-kartaga oʻtkazmalarda “oʻtkazma maqsadini koʻrsatish” funksiyasini joriy etish boʻyicha koʻrsatma yuborgan.
Unga koʻra, foydalanuvchi pul oʻtkazmasini amalga oshirayotganda oʻtkazma sababini tanlashi kerak boʻladi.

Hozircha ayrim bank ilovalari va toʻlov xizmatlarida ushbu talab ishga tushirilgan boʻlsa, boshqalarida hali joriy etilmagan. Biroq yaqin vaqt ichida barcha ilovalarda mazkur tartib yoʻlga qoʻyilishi kutilmoqda.
Maʼlum qilinishicha, regulyator bu talabni joriy etmagan banklar va toʻlov tashkilotlariga nisbatan chora koʻrilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Yuborilgan koʻrsatmaga koʻra, oʻtkazma maqsadlari 16 ta turga boʻlingan. Ular orasida tovar yoki xizmat uchun toʻlov, ovqatlanish xarajatlari, ijara toʻlovi, taʼlim xarajatlari kabi toifalar mavjud.









