12 309.990 so‘m

decrease

-10.350

14 666.120 so‘m

increase

51.730

159.640 so‘m

increase

0.280

12 309.990 so‘m

decrease

-10.350

10 soat avval
Bank
54

Oʻzbekistonda islomiy banklar qaysi standartlar asosida faoliyat yuritadi?

Oʻzbekistonda islomiy banklar faoliyati AAOIFI xalqaro standartlari asosida yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilmoqda.

Markaziy bank dastlab murobaha, ijara, mushoraka va boshqa 4 ta asosiy islomiy moliya instrumenti boʻyicha milliy standartlar ishlab chiqadi. 

Soliq tizimida esa umumiy xalqaro yondashuv saqlanib qoladi, biroq daromadlarni taqsimlash va foizsiz moliyalashtirishga oid ayrim jihatlar islomiy moliya tamoyillaridan kelib chiqib tartibga solinadi.

Oʻzbekistonda islomiy banklar qaysi standartlar asosida faoliyat yuritadi?
Foto: AI/Pinkod.uz

Avvalroq Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati mamlakatda islomiy banklar faoliyatini yoʻlga qoʻyishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini maʼqullagani xabar qilingan edi.

Senatning yalpi majlisida mazkur qonun loyihasi hamda unda belgilangan talablar muhokama qilingan. 

Muhokamalar davomida senator Zokirjon Rahmonov qonun loyihasida islomiy moliya operatsiyalari maxsus standartlarga muvofiq amalga oshirilishi shartligi va bu standartlarni Markaziy bank ishlab chiqishi belgilanganiga eʼtibor qaratdi. Senator xalqaro amaliyotda 50 dan ortiq islomiy moliya standarti mavjudligini taʼkidlab, Oʻzbekistonda aynan qaysi standartlar asos qilib olinishi boʻyicha savol berdi.

Markaziy bank raisi oʻrinbosari Abrorxoʻja Turdalievning tushuntirishicha, hisobraqam ochish, ular boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish, valyuta ayirboshlash kabi oddiy bank operatsiyalari avvalgidek umum qabul qilingan anʼanaviy tartibda bajariladi.

Islomiy moliyaga oid operatsiyalar boʻyicha esa Oʻzbekistonda dastlab 7 ta asosiy yoʻnalishda standartlar qabul qilinishi rejalashtirilgan. Markaziy bank vakilining aytishicha, bu standartlar asosan AAOIFI — “Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya va auditorlik tashkiloti” standartlariga tayangan holda ishlab chiqiladi.

Gap Murobaha, islomiy ijara, muzoraba, vakala, mushoraka, salam va istisna moliyaviy operatsiyalari haqida bormoqda. Aynan ushbu yoʻnalishlar qonunda qayd etilgan boʻlib, Markaziy bank ularni dastlabki va eng dolzarb islomiy moliya instrumentlari sifatida baholamoqda.

Kelgusida islomiy moliya tizimi rivojlanib borishi bilan qoʻshimcha operatsiyalar boʻyicha ham yangi standartlar ishlab chiqilishi mumkin. Bu esa murakkabroq islomiy moliya mahsulotlarini joriy etishga asos boʻladi.

Soliq boʻyicha ham shunday amaliyot qoʻllaniladi

Soliq qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Jahongir Abdiyevning taʼkidlashicha, soliq tizimida ham umumiy yondashuv saqlab qolinadi. Yaʼni Oʻzbekistonda umumbelgilangan normalar, Xalqaro valyuta fondi, Jahon banki hamda xalqaro soliq amaliyotida qoʻllaniladigan standartlar asosida ishlash davom etadi. Soliq bazasi, resurs soligʻi va boshqa asosiy tushunchalar shular jumlasidandir.

Faqat daromadlarni taqsimlash yoki foiz koʻrinishidagi daromadlarga taʼsir qiluvchi jihatlar islomiy moliya tizimi normalaridan kelib chiqqan holda belgilanishi mumkin.

AAOIFI va uning standartlari oʻzi bu nima?

AAOIFI (Accounting and Auditing Organization for Islamic Financial Institutions) — islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya, audit va shariatga mos moliyaviy faoliyat standartlarini ishlab chiquvchi xalqaro tashkilot hisoblanadi. Tashkilot 1991 yilda Bahraynda tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda islomiy banklar faoliyatini tartibga solishda dunyodagi eng nufuzli standartlashtiruvchi tuzilmalardan biri sanaladi. 

AAOIFI standartlari islomiy moliya operatsiyalarining foizsiz, shariat talablariga mos va shaffof tarzda amalga oshirilishini taʼminlaydi. Jumladan, murobaha, ijara, mushoraka, muzoraba, salam, istisna kabi asosiy islomiy moliya mahsulotlari aynan ushbu standartlar asosida tartibga solinadi. Oʻzbekistonda ham Markaziy bank islomiy moliya boʻyicha milliy standartlarni ishlab chiqishda asosan AAOIFI meʼyorlariga tayanishi rejalashtirilgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+