Oʻzbekistonda iqtisodiy faol aholining 33 foizi kamida bitta bank kreditiga ega
Shuningdek, 2020 yildan 2025 yilgacha boʻlgan besh yillik davrda 3 ta va undan ortiq kreditga ega boʻlgan fuqarolar ulushi 5 foizdan 11 foizgacha oshgan.

Markaziy bank taqdim etgan maʼlumotga koʻra, Oʻzbekistonda iqtisodiy faol aholining 33 foizi, yaʼni qariyb 5 million kishi kamida bitta bank kreditiga ega.
Shuningdek, kredit oluvchilarning qariyb 27 foizi, yaʼni 1,4 million nafari 2 ta yoki undan ortiq kreditga ega.
Bu koʻrsatkich 2020 yilga nisbatan sezilarli oʻsishni koʻrsatmoqda. Masalan, 2020 yil boshida 3 ta yoki undan ortiq kreditga ega boʻlganlar ulushi atigi 5 foiz boʻlgan boʻlsa, 2025 yilning iyuniga kelib bu raqam 11 foizga yetgan.
2 ta kreditga ega boʻlgan fuqarolar ulushi esa shu davr mobaynida 13 foizdan 16 foizgacha oʻsgan.
Bu oʻzgarishlar aholining kredit mablagʻlaridan koʻproq foydalanayotganini anglatadi.
Yana bir muhim jihat — kreditlar sonining yildan-yilga qanday oʻzgarayotganidir.
2020 yilda 1 ta kreditga ega boʻlganlar ulushi 82 foiz boʻlgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2025 yilning iyunida 73 foizgacha kamaygan. Yaʼni, bitta kredit bilan kifoyalanayotganlar soni pasaygan, bir nechta kreditga ega fuqarolar esa koʻpaygan.