12 037.210 so‘m

increase

43.680

14 071.500 so‘m

increase

17.480

159.620 so‘m

increase

1.100

12 037.210 so‘m

increase

43.680

4 soat avval
Iqtisodiyot
23

Oʻzbekistonda inflyatsiya ilk bor 7 foizgacha pasaydi

Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil aprel oyida Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya 7 foizgacha pasaydi. Bu 2016 yildan beri eʼlon qilib kelinayotgan oylik inflyatsiya statistikasi boʻyicha eng past koʻrsatkich hisoblanadi.

Oʻzbekistonda inflyatsiya ilk bor 7 foizgacha pasaydi
Foto: AI/Pinkod.uz

Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil aprel oyida Oʻzbekistonda isteʼmol narxlari indeksi oʻtgan oyga nisbatan 0,6 foizga oshdi. Yil boshidan buyon inflyatsiya 2,5 foizni, 2025 yil apreliga nisbatan esa 7,0 foizni tashkil etdi.

Taqqoslash uchun, 2025 yil aprel oyida yillik inflyatsiya 10,1 foiz boʻlgan. Bu bir yil ichida inflyatsiya surʼati 3,1 foizga sekinlashganini anglatadi.

Apreldagi 7,0 foizlik koʻrsatkich Oʻzbekistonda 2016 yildan beri eʼlon qilib kelinayotgan oylik inflyatsiya statistikasi boʻyicha eng past yillik natija boʻldi. Bungacha eng past koʻrsatkichlar 2016 yilda 7,7 foiz, 2025 yil yakunida 7,3 foiz hamda 2026 yil mart oyida 7,1 foiz darajasida qayd etilgan edi.

Asosiy guruhlar kesimida eng yuqori yillik oʻsish hanuz xizmatlar narxida kuzatilmoqda. 2026 yil aprel oyida xizmatlar narxi yillik hisobda 12,0 foizga oshgan. Oziq-ovqat mahsulotlari boʻyicha yillik oʻsish 5,9 foizni, nooziq-ovqat mahsulotlari boʻyicha esa 5,2 foizni tashkil etgan.

Shunga qaramay, xizmatlar segmentida narx oʻsishi sezilarli darajada sekinlashgan. Xususan, 2025 yil aprel oyida xizmatlar narxi yillik hisobda 26,1 foizga oshgan edi.

Aprel oyidagi umumiy oylik inflyatsiyaga eng katta taʼsir oziq-ovqat mahsulotlari va spirtsiz ichimliklar hissasiga toʻgʻri kelgan. Ushbu boʻlimdagi narx oʻzgarishlari yigʻma isteʼmol narxlari indeksi koʻrsatkichini 0,37 foiz bandga oshirgan va umumiy oylik oʻsishning 62,7 foizini shakllantirgan.

Ayrim oziq-ovqat mahsulotlari orasida goʻsht narxlarida sezilarli oʻsish kuzatilgan. 

Oy davomida qoʻy goʻshti 3,7 foizga, suyakli va suyaksiz mol goʻshti 3,2 foizdan, goʻsht qiymasi esa 2,9 foizga qimmatlashgan. Shuningdek, shakar narxi 2,2 foizga, tirik va sovutilgan baliq 2,0 foizga, oʻsimlik yogʻi oʻrtacha 0,8 foizga, sut esa oʻrtacha 0,4 foizga oshgan.

Biroq ayrim mahsulotlarda narx pasayishi ham qayd etilgan. Tuxum 3,6 foizga, guruch va guruch oqshogʻi 1,1 foizga, parranda goʻshti esa 1,2–1,3 foiz oraligʻida arzonlashgan. Meva-sabzavotlar orasida eng katta pasayish bodring narxida kuzatilgan — 26,1 foiz. Bundan tashqari, koʻkatlar 3,3 foizga, piyoz 2,7 foizga, pomidor va karam esa 2,4 foizdan arzonlashgan.

Hududlar kesimida yillik inflyatsiya 6,3–7,4 foiz oraligʻida shakllangan. Eng yuqori koʻrsatkich Qoraqalpogʻiston Respublikasida — 7,4 foiz, Xorazm viloyatida — 7,3 foiz, Sirdaryo viloyatida esa 7,2 foiz darajasida qayd etilgan. Eng past yillik inflyatsiya Jizzax viloyatida kuzatilgan — 6,3 foiz. Toshkent shahrida esa bu koʻrsatkich 6,9 foizni tashkil qilgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+