Oʻzbekistonda ilk ipoteka obligatsiyalari emissiyasi davlat roʻyxatidan oʻtkazildi
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Oʻzbekistonda ilk bor 40,5 mlrd soʻmlik ipoteka obligatsiyalari emissiyasini davlat roʻyxatidan oʻtkazdi. Ushbu obligatsiyalar “UMRS SPV” MChJ tomonidan chiqarilgan boʻlib, bir dona obligatsiyaning nominal qiymati 100 soʻmni tashkil etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) 40,5 mlrd soʻm miqdoridagi ilk ipoteka obligatsiyalari emissiyasini davlat roʻyxatidan oʻtkazdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Obligatsiyalar emitenti sifatida “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJning ixtisoslashgan shoʻba tuzilmasi — ipoteka agenti vazifasini bajaruvchi “UMRC SPV” MChJ ishtirok etmoqda. Mazkur kompaniya 2025 yil aprel oyida tashkil etilgan.
Obligatsiyalar chiqarilishi ipoteka qoplamasi hamda “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJning kafilligi bilan taʼminlangan. Bir dona obligatsiyaning nominal qiymati 100 soʻmni tashkil etadi.
Ipoteka obligatsiyasi bu nima?
Ipoteka obligatsiyasi — bu ipoteka kreditlari yoki ipoteka aktivlari bilan taʼminlangan qimmatli qogʻoz hisoblanadi. Oddiyroq aytganda, banklar yoki ipoteka tashkilotlari bergan uy-joy kreditlari asosida obligatsiyalar chiqariladi va ular investorlar tomonidan sotib olinadi.
Investorlar obligatsiyalarni xarid qilish orqali ipoteka bozoriga mablagʻ kiritadi, emitent esa jalb qilingan mablagʻlarni yangi ipoteka kreditlarini moliyalashtirish yoki mavjud kreditlarni qayta moliyalashtirishga yoʻnaltiradi.
Emissiya doirasida jalb qilinadigan mablagʻlar ipoteka kreditlarini moliyalashtirish va qayta moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
Mazkur emissiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 fevraldagi PF-26-son “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilingan Ipoteka obligatsiyalarini chiqarish sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida ipoteka obligatsiyalarining emissiyasi va muomalasi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomiga muvofiq amalga oshirilgan.
Agentlikka koʻra, ipoteka obligatsiyalari bozorining rivojlanishi ipoteka aktivlarini likvid bozor instrumentlariga aylantirish orqali uzoq muddatli moliyaviy resurslarni jalb qilishning samarali mexanizmini shakllantirishga xizmat qiladi.
Bu, oʻz navbatida, kapital bozorining rivojlanishi hamda respublikada uy-joy qurilishini qoʻllab-quvvatlashga yordam beradi.
ILMA ipoteka obligatsiyalarining pilot chiqarilishini milliy kapital bozorini rivojlantirish yoʻlidagi muhim bosqich sifatida baholamoqda. Agentlikka koʻra, ushbu instrument kapital bozoridagi moliyaviy vositalar turini kengaytirish, uzoq muddatli investitsiyalarni jalb qilish va iqtisodiyotda moliyaviy resurslarni samarali qayta taqsimlash imkoniyatlarini oshiradi.









