Oʻzbekistonda ichki aviachiptalar narxi 16 oktabrdan 20 foizgacha arzonlashtiriladi
Raqobat qoʻmitasi va Uzbekistan Airways hamkorligida ichki aviaqatnovlar tariflari qayta koʻrib chiqildi. Natijada 16 oktabrdan boshlab mamlakat ichidagi parvozlar uchun chiptalar narxi oʻrtacha 20 foizgacha pasaytirilishi belgilandi.

Oʻzbekistonda 16 oktabrdan boshlab Uzbekistan Airways’ning ichki aviaqatnovlari uchun chiptalar narxi arzonlashtiriladi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, prezident topshirigʻi asosida qoʻmita tomonidan ichki aviatsiya bozoridagi amaldagi tariflar, chiptalar narxining shakllanishi hamda aholining aviaxizmatlardan foydalanish imkoniyatlari oʻrganilgan.
Tahlil davomida aviaqatnovlar bilan bogʻliq tashish xarajatlarini optimallashtirish imkoniyatlari aniqlanib, ularni qisqartirish hisobiga chiptalar narxini pasaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilgan.
Mazkur takliflar qoʻllab-quvvatlangach, Raqobat qoʻmitasi va Uzbekistan Airways hamkorligida ichki aviaqatnovlar tariflari qayta koʻrib chiqilgan. Natijada 16 oktabrdan chiptalar narxini oʻrtacha 20 foizgacha arzonlashtirish belgilangan.
Qoʻmitaga koʻra, ushbu oʻzgarishlar aholi uchun havo transportidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ichki turizmni rivojlantirish hamda hududlar oʻrtasidagi qatnovlarni arzonlashtirishga qaratilgan.
Biroq hozircha qaysi yoʻnalishlarda chiptalar narxi qanchaga pasayishi, yangi tariflarning aniq miqdori va chegirmalar barcha tarif toifalariga tatbiq etilishi haqida batafsil maʼlumot berilmagan.









