Oʻzbekistonda har 3 ta kreditdan 1 tasi mikromoliya kreditiga toʻgʻri kelmoqda
2025 yilning III choragi yakuniga koʻra, mikromoliya xizmatlari hajmi 104 trln soʻmni tashkil etib, bir yilda 1,8 barobarga oshdi. Banklar tomonidan koʻrsatilgan xizmatlarning 69 foizi xususiy banklar hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Ushbu segmentda eng yirik ulush TBC Bank’ga tegishli boʻlib, 9 oyda ajratilgan mablagʻlar hajmi 30,7 trln soʻmga yetdi.

2025 yilning III chorak yakuniga koʻra, kredit tashkilotlari tomonidan jami 104 trln soʻmlik mikromoliya xizmatlari koʻrsatildi. Bu haqda Markaziy bankning tegishli hisobotida maʼlum qilindi.
Koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 46,7 trln soʻmga, yoki 1,8 barobarga oshgan. Natijada, ajratilgan jami kreditlar tarkibida mikromoliya xizmatlarining ulushi 34,2 foizga yetdi, bu esa bir yil ichida 7 foizga oʻsganini anglatadi.
Banklar kesimida xususiy sektor yetakchi
Mikromoliya bozorida xususiy banklar yaqqol ustunlik qilmoqda. Ular tomonidan 57 trln soʻmlik xizmatlar koʻrsatildi. Ushbu koʻrsatkich bir yil davomida qariyb 2 barobarga oshdi.
Xususiy banklar orasida eng faol ishtirokchi — TBC Bank boʻlib, u tomonidan ajratilgan mikromoliya xizmatlari hajmi 30,7 trln soʻmga yetdi. Bu bir yil ichida 19,7 trln soʻmga yoki 2,6 barobarga oʻsgan. Mazkur hajm barcha davlat banklari tomonidan koʻrsatilgan jami xizmatlardan ham yuqoridir.
Davlat banklari hissasi 25,7 trln soʻmni tashkil etib, bozorning 31 foiziga teng boʻldi. Ushbu segmentda yetakchi bank sifatida Agrobank qayd etildi — u tomonidan 4,9 trln soʻmlik mikromoliya xizmatlari koʻrsatilgan. Bankdagi oʻsish surʼati 2,5 barobarni tashkil etdi.
Mikromoliya tashkilotlari faolligi oshmoqda
Mikromoliya tashkilotlari tomonidan jami 19 trln soʻmlik xizmatlar koʻrsatilgan. Bozorning katta qismi uchta yirik tashkilot hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
- Tezcoin — 9,5 trln soʻm (50 foiz),
- Shaffof moliya — 3,4 trln soʻm (18 foiz),
- Fortuna biznes — 988 mlrd soʻm (5 foiz).
Tezcoin va Shaffof moliya tashkilotlaridagi yuqori oʻsish Uzum Nasiya platformasi orqali ajratilayotgan kreditlar hajmining oshishi bilan bogʻliq.
Mikromoliya xizmatlari tarkibi
Umumiy tarkibda:
- Mikroqarzlar hajmi 83 trln soʻmni tashkil etib, bozorning 80 foiziga toʻgʻri keldi va bir yil ichida 2 barobarga oʻsdi;
- Mikrokreditlar esa 21 trln soʻm yoki 20 foiz ulush bilan cheklandi.
Xizmatlarning 99,5 foizi milliy valyutada ajratilgan boʻlib, xorijiy valyutadagi ulush atigi 0,5 foizni tashkil etdi.
Hududlar kesimida
Hududlar kesimida Toshkent shahri yetakchilikni saqlab qolmoqda — mikromoliya xizmatlarining 64 foizi (66,2 trln soʻm) poytaxt hissasiga toʻgʻri keladi. Bu yerda oʻsish 2,3 barobarni tashkil etdi. Viloyatlar orasida eng yuqori oʻsish Xorazmda (+54 foiz) va Qashqadaryoda (+44 foiz) qayd etilgan.









