Oʻzbekistonda foizi oʻzgarib turadigan kredit va omonatlar joriy etilishi mumkin
Markaziy bank kredit va omonatlar foizini pul bozoridagi UZONIA indeksiga bogʻlashni taklif qilmoqda. Bu asosiy stavkadagi oʻzgarishlarning bank mahsulotlari narxiga tezroq taʼsir qilishiga xizmat qilishi kutilmoqda. Biroq regulyator foizlarning keskin oshishi qarz oluvchilar uchun qoʻshimcha xavf tugʻdirishi mumkinligini ham qayd etgan.

Markaziy bankning 2027–2029 yillarga moʻljallangan pul-kredit siyosati konseptual loyihasida oʻzgaruvchan foiz stavkali kredit va depozit mahsulotlarini rivojlantirish nazarda tutilgan.
Bunday mahsulotlarda kredit yoki omonat foizi shartnomada belgilangan tartibda UZONIA kabi bozor koʻrsatkichiga bogʻlanishi mumkin. Natijada indeks pasaysa, kredit foizi ham pasayishi, indeks koʻtarilganda esa qarz oluvchining foiz xarajatlari ortishi mumkin.
UZONIA — banklararo pul bozoridagi qisqa muddatli foiz stavkasini ifodalovchi indeks. Markaziy bank ushbu koʻrsatkich orqali asosiy stavka boʻyicha qarorlarning kredit va depozitlar narxiga tezroq uzatilishini taʼminlashni koʻzlamoqda.
Masalan, kreditning yillik foizi UZONIA indeksiga 5 foiz punkt qoʻshimcha bilan belgilansa, indeks 14 foiz boʻlganida kredit stavkasi 19 foizni tashkil etadi. Keyinchalik indeks 12 foizga tushsa, kredit stavkasi 17 foizgacha pasayadi. Aksincha, indeks 16 foizga koʻtarilsa, stavka 21 foizga yetadi.
Oʻzgaruvchan stavka omonatlarga ham tatbiq etilishi mumkin. Bunda bozor foizlari oshganda omonat daromadliligi koʻtarilishi, pasayganda esa kamayishi mumkin.
Shu bilan birga, Markaziy bank foiz stavkalarining keskin oʻzgarishi qarz oluvchilarning kreditni qaytarish imkoniyatiga salbiy taʼsir qilishi mumkinligini qayd etgan. Shu sababli yangi instrumentlarni ehtiyotkorlik bilan joriy etish va banklar uchun maxsus oʻquv seminarlarini tashkil qilish rejalashtirilmoqda.
Hujjatda yangi kredit va omonat mahsulotlarini joriy etishning aniq muddati, ularning foizini qayta hisoblash davriyligi yoki barcha banklar uchun majburiyligi belgilanmagan.









