Oʻzbekistonda birinchi islomiy moliya standarti qabul qilinishi kutilmoqda
Markaziy bank islomiy banklarda “Murobaha” operatsiyalarini amalga oshirish tartibini belgilovchi mamlakatdagi birinchi islomiy moliya standartini tasdiqlashni taklif qilmoqda. Unga koʻra, bank tovarning xarid narxi va oʻz ustamasini mijozga oldindan ochiqlashi, toʻlov kechiktirilganda esa qoʻshimcha ustama hisoblamasligi kerak boʻladi.

Markaziy bank tomonidan “Islomiy moliya standarti (1-sonli) — Murobaha”ni tasdiqlash toʻgʻrisidagi qaror loyihasi ishlab chiqildi. Hujjat 1 noyabrgacha jamoatchilik muhokamasida boʻladi.
Loyiha qabul qilinsa, Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyati uchun ilk maxsus moliyaviy standart kuchga kiradi. Hujjat rasmiy eʼlon qilingan kundan amal qilishi rejalashtirilmoqda.
Murobaha — bankning mijoz soʻragan tovarni avval oʻz mulkiga sotib olishi va keyin uni xarid narxiga oldindan kelishilgan ustama qoʻshgan holda mijozga sotishidir. Toʻlov bir yoʻla yoki boʻlib-boʻlib amalga oshirilishi mumkin.
Bu mexanizmda bank mijozga tovar sotib olish uchun pul bermaydi. U avval tovarning egasiga aylanadi, shu davrdagi tavakkalchiliklarni oʻz zimmasiga oladi va shundan keyingina uni mijozga sotadi. Bank tovarni oʻz mulkiga olmasdan turib murobaha shartnomasini tuza olmaydi.
Tovarning boshlangʻich qiymati va bank oladigan ustama shartnomada alohida koʻrsatilishi kerak. Ustama qatʼiy summa yoki tovar qiymatining aniq foizi sifatida belgilanadi va keyinchalik oʻzgartirilmaydi.
Bank moliyalashtirishni taqdim etgani yoki bunday majburiyatni olgani uchun mijozdan alohida komissiya, yigʻim yoki boshqa toʻlov undira olmaydi. Shuningdek, toʻlov muddati uzaytirilgani yoki kechiktirilgani uchun tovar narxiga qoʻshimcha ustama qoʻshish taqiqlanadi.
Toʻlov kechiktirilganda shartnomada neustoyka nazarda tutilishi mumkin. Biroq undirilgan mablagʻ bank daromadiga oʻtkazilmaydi — u alohida hisobvaraqda saqlanib, mijoz nomidan toʻliq xayriya maqsadlariga yoʻnaltirilishi kerak.
Loyihada oltin, kumush va valyutalarni nasiyaga murobaha asosida sotish taqiqlanmoqda. Bank mijozning oʻziga yoki uning vakiliga tegishli tovarni sotib olib, yana oʻsha mijozga ustama bilan qayta sotishi ham mumkin boʻlmaydi.
Agar mijoz sotuvchi kompaniyaning 50 foizdan ortiq ulushi yoki aksiyalariga egalik qilsa, bank u bilan mazkur tovar boʻyicha murobaha shartnomasini tuza olmaydi.
Bundan tashqari, toʻlovlar toʻliq yakunlanmaguncha tovarning mulk huquqini mijozga oʻtkazmaslik shartini belgilash taqiqlanadi. Mijoz qarzni muddatidan oldin yopsa, bank toʻlovning bir qismidan uning foydasiga voz kechishi mumkin, biroq bunday chegirma shartnomada oldindan kafolatlanmaydi.









