Oʻzbekistonda bank xizmatlari qulayligi boʻyicha reyting ishlab chiqilmoqda
Markaziy bank tijorat banklarining aholi va biznes uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini qanchalik kengaytirayotganini baholovchi reyting tayyorlamoqda. Unda xizmatlarning qulayligi, xavfsizligi va sifati hisobga olinadi. Banklar bilan baholash mezonlari va dastlabki hisob-kitob natijalari muhokama qilingan.

Markaziy bank tijorat banklarining moliyaviy ommaboplik reytingini ishlab chiqmoqda. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Reyting banklarni aholi hamda mikro, kichik va oʻrta biznesga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratish, ularni qulay, xavfsiz va sifatli yetkazib berish boʻyicha taqqoslashga xizmat qiladi.
Bu yerda moliyaviy ommaboplik deganda, aholi va tadbirkorlarning bank xizmatlaridan foydalana olish imkoniyati nazarda tutilmoqda.
2026 yil 30 oktabr kuni tijorat banklari vakillari bilan reytingni shakllantirish metodologiyasi, baholash mezonlari va dastlabki hisob-kitob natijalari yuzasidan fikr almashilgan.
Uchrashuvda koʻrsatkichlarni hisoblash uchun foydalanilgan maʼlumotlar va ularning aniqligi ham koʻrib chiqilgan. Shuningdek, baholash jarayonini takomillashtirish masalalari muhokama qilingan.
Markaziy bankka koʻra, reytingdan maqsad moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va banklar oʻrtasida raqobatni ragʻbatlantirishdan iborat.
Xabarda reytingni eʼlon qilish muddati, mezonlarning batafsil tarkibi va banklarning dastlabki oʻrinlari ochiqlanmagan.









