Oʻzbekistonda avtomobil importi keskin kamaymoqda
Birgina mart oyida avtomobillar importi 1,6 barobarga kamaydi.
Shu bilan birga, gibrid avtomobillar importi oʻtgan yilning shu oyiga nisbatan 23 barobarga pasaydi.
Joriy yilning birinchi choragi yakuni boʻyicha esa mamlakatga olib kelingan avtomobillar soni 3,2 barobarga, import qiymati esa 4,2 barobarga qisqargan.

Bojxona qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2025 yil mart oyida Oʻzbekiston jami qiymati 39,31 millionlik 2 506 dona avtomobil import qilgan. Bu oʻtgan yilining mos davri bilan solishtirganda qiymat boʻyicha 2,7 barobar, avtomobillar soni boʻyicha esa 1,6 barobarga kamroqdir.
Segmentlar boʻyicha benzinli avtomobillar eng katta qisqarish bilan ajralib turdi — jami 1 402 ta mashina import qilingan(1,8 barobar pasayish). Pul koʻrinishida esa import $53,4 milliondan $25,3 milliongacha tushib ketdi (2,1 barobar kamayish). Shu bilan birga, oʻrtacha narx 15 foizga arzonlashib, $18,08 mingni tashkil qilgan.
Elektrda harakatlanuvchi avtomobillar importi ham qisqardi. Oʻtgan oyda 1 104 ta elektromobil olib kelingan — bu 1,5 barobardan koʻproq pasayish demakdir (oldingi oyda 1 689 ta edi). Ularning umumiy qiymati uch barobarga kamayib, $13,2 millionga teng boʻldi. Oʻrtacha narx esa deyarli ikki barobar arzonlashib, $12 mingga tushdi
Mazkur raqamlar Oʻzbekistonliklar nafaqat kamroq avtomobil import qilayotganini, balki xorijiydan endilikda arzonroq mashinalar kirayotganini bildiradi.
Gibrid avtomobillar importi yanada keskin tushgan. Mart oyida atigi 25 dona gibrid mashina olib kelingan, bu oʻtgan yilning shu oyiga nisbatan 23 barobar kam. Umumiy qiymat qariyb 19 barobarga kamayib, $712 mingni tashkil etgan. Ayni paytda bu segmentda oʻrtacha narx oshgan - $23,3 mingdan $28,4 minggacha.
Umuman olganda, 2025 yilning birinchi choragi yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonga olib kirilgan yengil avtomobillar soni 6 794 tani tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 3,2 barobar kam. Yetkazib berish qiymati esa 4,2 barobarga kamayib, $115 millionga tushgan.
Chorak davomida benzinli avtomobillar importi 3,5 baravarga qisqargan, elektromobillar 1,9 baravarga, gibrid avtomobillar esa deyarli 24 barobarga kamaygan.
Shuningdek, yanvar-mart oylarida Oʻzbekiston dizel dvigatelli yengil avtomobillarni umuman import qilmagan. Bu esa bozorning ushbu turdagi mashinalarga boʻlgan qiziqishi mutlaqo sustlashganini koʻrsatmoqda.