Oʻzbekiston xalqaro zaxiralari may oyida biroz kamaydi
Oʻzbekistonning rasmiy xalqaro zaxiralari may oyida $307 mlnga kamayib, 1 iyun holatiga $70,58 mlrdni tashkil etdi. Pasayishga asosan jahon bozorida oltin narxining tushishi taʼsir qilgan. Shu bilan birga, zaxiralar tarkibida qimmatli qogʻozlar hajmi bir oyda qariyb ikki barobarga oshib, $2,85 mlrdga yetgan.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 2026 yil 1 iyun holatiga $70,58 mlrd ni tashkil etdi. Bu aprel yakunidagi koʻrsatkichdan $307,3 mln yoki 0,4 foizga kam.
Zaxiralarning pasayishiga asosan oltin narxining tushishi taʼsir koʻrsatgan. Izohda qayd etilishicha, may oyida oltin narxi bir troy unsiya uchun $4 625,8 dan $4 516,85 gacha pasaygan va buning zaxiralarga salbiy taʼsiri $1,5 mlrd atrofida boʻlgan.
Shu bilan birga, oltinning sof hajmi oshgan. May oyida Oʻzbekistonning oltin zaxirasi 13,32 mln troy unsiyadan 13,6 mln troy unsiyagacha koʻpaygan. Yaʼni narx pasayganiga qaramay, hajm oʻsishi umumiy pasayishni qisman qoplagan
| Koʻrsatkichlar | 1 yanvar 2026 | 1 may 2026 | 1 iyun 2026 |
|---|---|---|---|
| Rasmiy zaxira aktivlari | $66,31 mlrd | $70,89 mlrd | $70,58 mlrd |
| Oltin | $55,09 mlrd | $61,59 mlrd | $61,44 mlrd |
| Sof hajmi | 12,55 mln troy unsiya | 13,32 mln troy unsiya | 13,6 mln troy unsiya |
| Xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari | $10,64 mlrd | $8,72 mlrd | $8,57 mlrd |
| Shu jumladan qimmatli qogʻozlar | $1,53 mlrd | $1,55 mlrd | $2,85 mlrd |
Zaxiralar tarkibida oltin asosiy ulushni egallashda davom etmoqda. 1 iyun holatiga oltin qiymati $61,44 mlrd ni tashkil etgan. Bu jami rasmiy zaxira aktivlarining qariyb 87 foiziga teng.
Xorijiy valyutadagi zaxira aktivlar bir oyda $8,72 mlrddan $8,57 mlrd gacha kamaygan. Bunda naqd valyuta va depozitlar $7,17 mlrddan $5,72 mlrd gacha qisqargan. Biroq qimmatli qogʻozlar hajmi aksincha qariyb 2 barobarga oshib, $1,55 mlrddan $2,85 mlrdga yetgan.
Yillik kesimda esa zaxiralar sezilarli oʻsgan. 2025 yil may oyida Oʻzbekistonning rasmiy zaxira aktivlari $49,25 mlrd boʻlgan. 2026 yil iyun boshiga kelib bu koʻrsatkich $70,58 mlrdga yetgan, yaʼni bir yil ichida $21,3 mlrd yoki 43 foizdan koʻproqqa oshgan.









