Oʻzbekiston xalqaro zaxiralari iyun oyida $1,1 mlrdga kamaydi
Zaxiralardagi bunday pasayish xorijiy valyutalardagi zaxira aktivlar hisobiga yuzaga kelgan boʻlib, koʻrsatkich oy davomida qariyb $1,9 mlrdga kamayib, $9,56 mlrdni tashkil etdi.
Aksincha, zaxiralar tarkibidagi oltin miqdori qiymat jihatidan $763 mlnga oʻsdi.
Bu holat Oʻzbekiston uchun ketma-ket toʻrt oy davom etgan oltin eksporti davri tugaganidan darak beradi. Narxlarning pasayishi fonida mamlakat oltinni ushlab qolish yoki sotib olishga eʼtibor qaratayotgan boʻlishi mumkin.

Markaziy bank hisobotiga koʻra, 1 iyun holatida Oʻzbekistonning xalqaro oltin-valyuta zaxiralari $48,55 mlrdga yetdi. Bu may oyiga nisbatan $1,1 mlrdga kamroqdir.
Zaxiralardagi bunday pasayish xorijiy valyutalardagi zaxira aktivlar hisobiga yuzaga kelgan. Koʻrsatkich oy davomida qariyb $1,9 mlrdga kamayib, $9,56 mlrdni tashkil qildi.
Ushbu zaxiralar tarkibidagi naqd valyuta va depozitlarning jami miqdori $10,7 mlrddan $9,85 mlrdgacha pasayib, yil boshidagi miqdorga qaytgan.
Koʻrsatkichlar | 1 yanvar 2025 | 1 iyun 2025 | 1 iyul 2025 |
Rasmiy zaxira aktivlari (mlrd $) | 41,2 | 49,66 | 48,55 |
Oltin (mlrd $) | 32,03 | 37,65 | 38,42 |
Sof hajmi (mln troya unsiya) | 12,3 | 11,4 | 11,7 |
Xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari (mlrd $) | 8,6 | 11,44 | 9,56 |
Ayni paytda, valyuta zaxiralari kamaygan bir vaqtda oltin zaxiralari ortgan. Oltin hajmi fizik jihatdan qariyb 10 tonnaga koʻpaydi, bu esa qiymat jihatdan $763 mlnlik oʻsishni anglatadi. Natijada oltin zaxiralari $38,4 mlrdga yetdi.
Bu holat Oʻzbekiston uchun ketma-ket toʻrt oy davom etgan oltin eksporti davri tugaganidan darak beradi. Narx tushishi tufayli mamlakat oltinni ushlab turish yoki sotib olishga eʼtibor qaratayotgan boʻlishi mumkin.
Oʻzbekiston Jahon oltin kengashining soʻnggi uchta hisobotida oltin eksporti boʻyicha yetakchi mamlakat sifatida qayd etilgan edi. Xususan, fevral oyida 12 tonna oltin sotib, Qozogʻistondan (8 tonna) oʻzib ketgan va jahonda eng yirik eksportchi boʻlgan. Mart oyida esa 11 tonna oltin eksport qilinib, bu pozitsiya saqlab qolingan.
Aprel oyida eksport qilingan oltinning qiymati $1,91 mlrdga teng boʻlgan. Bu oyda ham mamlakat 11 tonna oltin eksport qilgan.
Biroq may oyida oltin eksporti atigi 1 tonnani tashkil etib, Oʻzbekiston ikkinchi oʻringa tushdi. Iyun oyida esa mamlakat oltin sotgan emas, aksincha, uni xarid qilgani maʼlum boʻldi.
Boshqa tomondan, Citi bank oʻzining soʻnggi hisobotida global iqtisodiy oʻsish istiqbollarining yaxshilanishi va investitsion talabning susayishi fonida, oltin narxi 2025 yil oxiri yoki 2026 yil boshlarida bir unsiya uchun $3,000 darajasidan pastga tushishi mumkinligini prognoz qilmoqda.
Bank prognozlariga koʻra, 2026 yilning ikkinchi yarmida oltin narxlari $2,500–$2,700 oraligʻiga qaytishi mumkin.