Oʻzbekiston xalqaro zaxiralari iyulda qariyb 590 mln dollarga oshdi
Oʻzbekistonning rasmiy xalqaro zaxiralari iyul oyida 589,8 mln dollarga oshib, 1 avgust holatiga 64,34 mlrd dollarni tashkil etdi. Oʻsish oltin qiymati va xorijiy valyutadagi aktivlarning koʻpayishi hisobiga yuz berdi.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, xalqaro zaxiralar bir oyda 0,92 foizga koʻpaydi. Bundan avval, iyun oyida ular oltin narxining keskin tushishi ortidan 6,83 mlrd dollarga kamaygan edi.
Zaxiralar tarkibidagi oltinning qiymati 365,3 mln dollar yoki 0,66 foizga oshib, 56,12 mlrd dollarga yetdi.
Markaziy bank izohiga koʻra, iyul davomida oltinning bir troy unsiyasi narxi 4 016,7 dollardan 4 052,2 dollargacha koʻtarildi. Narx oʻsishining zaxiralarga ijobiy taʼsiri 490 mln dollarni tashkil etdi.
Biroq oltinning fizik hajmi 13,88 mln troy unsiyasidan 13,85 mln troy unsiyasiga tushdi. Bu qariyb 0,93 tonnalik kamayish boʻlib, avgust boshida zaxiralarda taxminan 430,8 tonna oltin saqlanayotganini anglatadi.
| Koʻrsatkichlar | 1 yanvar 2026 | 1 iyun 2026 | 1 iyul 2026 | 1 avgust 2026 |
|---|---|---|---|---|
| Rasmiy zaxira aktivlari | $66,31 mlrd | $70,58 mlrd | $63,76 mlrd | $64,34 mlrd |
| Oltin | $55,09 mlrd | $61,44 mlrd | $55,76 mlrd | $56,12 mlrd |
| Sof hajmi | 12,55 mln troy unsiyasi | 13,6 mln troy unsiyasi | 13,88 mln troy unsiyasi | 13,85 mln troy unsiyasi |
| Xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari | $10,64 mlrd | $8,57 mlrd | $7,44 mlrd | $7,65 mlrd |
Xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari ham bir oyda 208,8 mln dollar yoki 2,81 foizga koʻpayib, 7,65 mlrd dollarga yetdi. Bunda naqd valyuta va depozitlar hajmi 28,5 foizga oshib, 5,89 mlrd dollarni tashkil etdi.
Shu bilan birga, Markaziy bank tomonidan sotib olingan xorijiy qimmatli qogʻozlar qiymati 1,1 mlrd dollar yoki 38,4 foizga kamayib, 1,76 mlrd dollarga tushdi.
Umuman olganda, yil boshidan buyon Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari 1,97 mlrd dollar yoki qariyb 3 foizga kamaygan. Hozirgi koʻrsatkich yanvar yakunida qayd etilgan 75,08 mlrd dollarlik tarixiy maksimumdan 10,74 mlrd dollarga past.









