Oʻzbekiston umumiy tashqi qarzi $68 mlrddan oshdi
Oʻzbekiston umumiy tashqi qarzi 2025 yil birinchi choragi yakuniga koʻra $68,4 mldga yetdi — bu soʻnggi bir yildagi $14,9 mlrdlik oʻsishni anglatadi.

2025 yilning 1-choragi yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi hajmi 68,4 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning "Toʻlov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarz" boʻyicha hisobotida maʼlumot berilgan.
Mazkur summaning $35,8 mlrdi davlat tashqi qarziga, $32,6 mlrdi esa korporativ tashqi qarzlarga toʻgʻri keladi.
Yanvar-mart oylarida tashqi qarz qoldigʻi $4,3 mlrdga oshgan. Shundan $1,9 mlrdlik qismi davlat tashqi qarzi, $2,4 mlrdi esa korporativ tashqi qarz hisobiga toʻgʻri keladi. Taqqoslash uchun, 2024 yilning 4-choragida qarz oʻsishi $3,9 mlrdga teng boʻlgan edi.
Soʻnggi bir yil davomida mamlakatning umumiy tashqi qarz qoldigʻi $14,9 mlrdga koʻpaygan. Bu koʻrsatkichning $6,2 mlrdi davlat tashqi qarzi, $8,7 mlrdi esa korporativ tashqi qarz ulushiga toʻgʻri keladi.
Shu oʻrinda eslatib oʻtish kerakki, umumiy tashqi qarz koʻrsatkichi mamlakatning jami davlat qarzi bilan bir xil emas. 2025 yil 31 mart holatiga koʻra, Oʻzbekistonning umumiy davlat qarzi $42,43 mlrdni tashkil qilgan.
Yil boshidan buyon davlat qarzi $2,22 mlrdga, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan esa $7,5 mlrdga oshgan.
Birinchi chorakda qarz asosan tashqi manbalar hisobiga ortgan boʻlib, ayni paytda davlat qarzining 84 foizi yoki $35,56 mlrdi tashqi qarz hissasiga toʻgʻri keladi. Bu raqam chorak davomida $1,83 mlrdga oʻsgan.