11 952.730 so‘m

increase

15.130

14 021.750 so‘m

increase

60.730

159.480 so‘m

increase

0.010

11 952.730 so‘m

increase

15.130

2 soat avval
Iqtisodiyot
25

Oʻzbekiston tashqi qarzi bir yilda 18 mlrd dollardan koʻproqqa oshib, 82,2 mlrd dollarga yetdi

2025 yilda Oʻzbekistonning jami tashqi qarzi 18,1 mlrd dollarga oshib, 82,2 mlrd dollarga yetdi. Bunda davlat tashqi qarzi 40,5 mlrd dollarni, korporativ tashqi qarz esa 41,7 mlrd dollarni tashkil qildi. Qarz oʻsishining asosiy qismi korxonalar va banklar tomonidan jalb qilingan tashqi mablagʻlar hissasiga toʻgʻri kelgan.

Oʻzbekiston tashqi qarzi bir yilda 18 mlrd dollardan koʻproqqa oshib, 82,2 mlrd dollarga yetdi
Foto: AI/Pinkod.uz

2025 yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning jami tashqi qarzi 28,2 foizga oshib, 82,2 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024 yil oxiridagi 64,1 mlrd dollarlik koʻrsatkichdan 18,1 mlrd dollarga koʻpdir. 

Bu haqda Markaziy bankning “Oʻzbekiston toʻlov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarzi” boʻyicha 2025 yil yakunlariga bagʻishlangan yillik hisobotida maʼlum qilindi.

Tashqi qarz tarkibida davlat va korporativ sektor deyarli teng ulushga ega boʻlib qolmoqda. 2026 yil 1 yanvar holatiga davlat tashqi qarzi 40,5 mlrd dollarni, korporativ tashqi qarz esa 41,7 mlrd dollarni tashkil etgan. Shunday qilib, jami tashqi qarzning qariyb yarmi davlat, qolgan qismi esa korxonalar va banklar tomonidan jalb qilingan qarzlarga toʻgʻri keladi.

Davlat tashqi qarzi bir yil davomida 6,6 mlrd dollarga yoki 19,4 foizga oshgan. Shunga qaramay, Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, davlat tashqi qarzining YaIMga nisbati pasayishda davom etgan. Hisobot yilida bu koʻrsatkich 0,4 foiz bandga kamayib, 27,5 foizni tashkil qilgan. Regulyator davlat tashqi qarzi toʻliq uzoq muddatli asosda va asosan imtiyozli shartlarda jalb qilinganini qayd etgan.

Korporativ tashqi qarz esa tezroq oʻsgan. Xoʻjalik subʼektlari va banklarning norezidentlardan jalb qilgan kredit va qarzlari qoldigʻi 41,7 mlrd dollarga yetib, YaIMga nisbatan 28,4 foizni tashkil etdi. Bir yil ichida ushbu koʻrsatkich 11,5 mlrd dollarga yoki 38 foizga oshgan. Korporativ qarzlarning 92 foizdan ortigʻi uzoq muddatli shartlarda jalb qilingan.

Korporativ tashqi qarz tarkibida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investorlar oldidagi qarzdorlik 6,5 mlrd dollarni tashkil qilgan. Xalqaro obligatsiyalar joylashtirish orqali jalb qilingan mablagʻlar qoldigʻi esa 7,3 mlrd dollarga yetgan. Qolgan qism xususiy sektor, jumladan korxonalar va banklar tomonidan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, aylanma mablagʻlarni toʻldirish va biznes faoliyatini kengaytirish uchun davlat kafolatisiz olingan kredit va qarzlardan iborat.

Markaziy bank hisobotida korporativ tashqi qarz boʻyicha davlat majburiyati mavjud emasligi alohida taʼkidlangan. Yaʼni bunday qarzlar boʻyicha toʻlovlar korxonalar va banklarning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.


Avvalroq Pinkod 2025 yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning jami davlat qarzi 46,85 milliard dollarga yetgani haqida yozgan edi

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+