12 109.020 so‘m

increase

75.740

14 139.700 so‘m

increase

78.810

150.310 so‘m

increase

1.010

12 109.020 so‘m

increase

75.740

1 kun avval
Iqtisodiyot
62

Oʻzbekiston tashqi qarz orqali jalb etilgan mablagʻlarni qayerga sarflayapti?

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga koʻra, Oʻzbekiston jalb etayotgan yangi tashqi qarzlar iqtisodiy oʻsishni jadallashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan. 2025 yilning 9 oyi yakunlariga koʻra, davlat tashqi qarzi YaIMning 26 foizini tashkil etib, xalqaro meʼyorlardan ancha past darajada saqlanmoqda.

Oʻzbekiston tashqi qarz orqali jalb etilgan mablagʻlarni qayerga sarflayapti?
Foto: AI/Pinkod.uz

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi yangi tashqi qarzlarni jalb etishdan koʻzlangan asosiy maqsad aholi turmush darajasini oshirish ekanini maʼlum qildi

Bu jarayon yangi ish oʻrinlari yaratish, infratuzilmani rivojlantirish, toza ichimlik suvi, energiya, transport hamda ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni oʻz ichiga oladi.

Vazirlik bayonotida qayd etilishicha, tashqi moliyalashtirishning iqtisodiy mantigʻi aniq: iqtisodiy oʻsishni tezlashtirish uchun kapital, zamonaviy texnologiyalar, uskunalar va yangi bozorlar zarur. Resurslar jalb etilishi toʻxtatilsa, iqtisodiy rivojlanish surʼatlari sekinlashadi.

Qoʻshimcha moliyalashtirishsiz aholining bandligini taʼminlash, yoʻl va ijtimoiy obʼektlarni modernizatsiya qilish, suv taʼminoti va energetika infratuzilmasini kengaytirishda jiddiy qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Shu bois Oʻzbekiston iqtisodiy oʻsishni jadallashtirish va aholi farovonligini oshirish maqsadida investitsiyalarni jalb qilish ustida izchil ish olib bormoqda.

2025 yilning 9 oyi yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning jami tashqi qarzi 75,4 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. 

Vazirlik hukumat nomidan olingan majburiyatlar tarkibiga ham aniqlik kiritdi. 75,4 mlrd dollarlik jami tashqi qarzning 37,4 mlrd dollari davlat tashqi qarziga toʻgʻri keladi, bu umumiy summaning yarmidan sal kamroqdir. Qolgan 38 mlrd dollar esa davlat kafolatisiz jalb qilingan korporativ qarzlardir.

Hozirgi davlat tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotning qariyb 26 foizini tashkil etadi. Vazirlikka koʻra, bu koʻrsatkich makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada boʻlib, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi tavsiya etgan 60 foizlik chegaradan ancha past.

Taʼkidlanishicha, 2017 yildan buyon Oʻzbekiston tashqi qarzlar hisobiga infratuzilmani keng koʻlamda modernizatsiya qildi. Jumladan, transport sohasida 4 ta Boeing 787–8 samolyoti, 2 ta Talgo 250 tezyurar poyezdi, 30 ta elektrovoz, 29 ta metro tarkibi va 1900 ta avtobus xarid qilindi. 1564 km avtomobil yoʻllari rekonstruksiya qilinib, 470 km temir yoʻl liniyalari elektrlashtirildi.

Kommunal xizmatlar sohasida 6,8 ming km suv quvurlari, 664 km kanalizatsiya tarmoqlari, 96 km issiqlik quvurlari barpo etildi, 166 ta suv taqsimlash inshooti va 1286 ta issiqlik punktlari qurildi. Shuningdek, 541 ta axlat tashish texnikasi xarid qilindi.

Energetika yoʻnalishida 2,7 GVt qoʻshimcha quvvatlar ishga tushirilib, 1,1 ming km elektr uzatish liniyalari qurildi. Natijada elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 16,4 mlrd kVt· soatga, issiqlik energiyasi esa 551,8 ming Gkalga oshdi.

Qishloq xoʻjaligida 1,59 ming km kanallar tiklandi, 423 ta vertikal quduq qurildi va 3396 ta gidrotexnik inshoot modernizatsiya qilindi. 2,2 ming gektarda issiqxonalar, 12 ming gektarda intensiv bogʻlar barpo etildi. Shuningdek, 335 ming tonna mahsulot sigʻimiga ega sovitish omborlari va 258 ming tonna quvvatli oziq-ovqat sanoati loyihalari ishga tushirildi.

Mazkur chora-tadbirlar natijasida 2017–2025 yillarda 2 milliondan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi, eksport hajmi 270 foizga oshdi, jon boshiga YaIM esa 4 barobardan koʻproqqa koʻpaydi. Shu bilan birga, umr koʻrish davomiyligi izchil oʻsib, 75,1 yoshga yetdi.

Vazirlik Oʻzbekiston tashqi resurslarni qatʼiy qoidalar, shaffoflik va kuchli nazorat asosida jalb qilayotganini alohida taʼkidladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning dekabr oyidagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida tashqi qarz hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar tanlovidan tortib to ijrosigacha parlament tomonidan doimiy monitoring qilinishi eʼlon qilingani eslatib oʻtildi.

“Loyihalarning holati va bajarilish bosqichlari real vaqt rejimida eʼlon qilib boriladi. Bu tanlov va tenderlar jarayoni, shuningdek, majburiyatlarning bajarilishi ustidan ochiq nazoratni taʼminlaydi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+