Oʻzbekiston qariyb 2,5 mlrd dollarlik aktivlar boʻyicha Toshkent va London fond birjasida IPO oʻtkazmoqchi
Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasi (UzNIF) Toshkent va London fond birjalarida IPO oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Taxminan 2,44 mlrd dollarlik aktivlarni boshqarayotgan jamgʻarma portfeliga Uzbekistan Airways, Oʻzbektelekom, Oʻzbekgidroenergo va Oʻzsanoatqurilishbank kabi yirik davlat kompaniyalaridagi ulushlar kiradi.

Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasi (UzNIF) Toshkent va London fond birjalarida IPO oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Prezident Administratsiya rahbari Saida Mirziyoyeva xabar berdi.
Jarayon xalqaro investitsiya kompaniyasi Franklin Templeton tomonidan muvofiqlashtirilmoqda. Ushbu tashabbus Oʻzbekistonning xalqaro moliya bozorlari standartlariga mos ishlashini namoyish etish hamda mamlakatning ochiq investitsiya muhitiga sodiqligini koʻrsatishga qaratilgan.

UzNIF Prezident farmoni bilan 2024 yil avgust oyida tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy vazifalari Oʻzbekistonning investorlar uchun jozibadorligini oshirish, kapital bozorini rivojlantirish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimini koʻpaytirish hamda portfeldagi davlat korxonalarida korporativ boshqaruvni takomillashtirishdan iborat. Jamgʻarma hozirda 13 ta kompaniyadagi minoritar ulushlarni boshqaradi va 2025 yil 31 dekabr holatiga koʻra portfelining sof aktiv qiymati (NAV) qariyb 2,44 mlrd dollarni tashkil etadi.
Avvalroq Prezident farmoni bilan jamgʻarmaning ustav kapitali hamda portfel tarkibida muhim oʻzgarishlar amalga oshirildi. Unga koʻra, portfeldagi kompaniyalar soni 15 tadan 13 taga qisqartirildi.
Maʼlumot uchun, 2026 yil oxirigacha Milliy investitsiya jamgʻarmasining 30 foizgacha aksiyalarini IPO orqali joylashtirish rejalashtirilgan. Bu jarayon mamlakat kapital bozorini rivojlantirish va xalqaro investorlarni jalb qilish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻlishi kutilmoqda.









