11 994.100 so‘m

increase

6.940

13 420.200 so‘m

increase

26.950

145.790 so‘m

decrease

-0.500

11 994.100 so‘m

increase

6.940

Yaqin 3 soat ichida
Iqtisodiyot
11

Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari yil boshidan beri qanday oʻzgarmoqda?

Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari fevral yakunidagi 77,1 mlrd dollarlik rekorddan oktabr oxiriga kelib 63,6 mlrd dollargacha kamaydi. 

Oʻn oyda oltinning jismoniy hajmi 63 tonnaga oshgan boʻlsa-da, xorijiy valyutadagi zaxiralar 53 foizga qisqardi. 

Natijada jami zaxiralar yil boshidagi darajadan ham pastladi. 

Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari yil boshidan beri qanday oʻzgarmoqda?

Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari fevral yakunidagi 77,1 mlrd dollarlik rekorddan oktabr oxiriga kelib yilning eng past darajasiga tushdi. Oʻn oyda oltinning jismoniy hajmi 63 tonnaga oshgan boʻlsa-da, xorijiy valyutadagi zaxiralar 53 foizga qisqardi.

Markaziy bankning 6 noyabrda eʼlon qilgan statistikasiga koʻra, 1 noyabr holatida jami zaxiralar 63,63 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu yil boshiga nisbatan 2,69 mlrd dollar yoki 4,1 foizga kam.

Yil boshidagi rekordlardan keyin nima oʻzgardi?

Yanvar oyida zaxiralar 8,77 mlrd dollarga koʻpayib, 75,08 mlrd dollarga yetgan edi. Oʻsishning asosiy qismini oltin qiymatining oshishi taʼminlagan. Ayni paytda xorijiy valyutadagi aktivlar 10,64 mlrd dollardan 9,52 mlrd dollargacha kamaygan.

Fevralda zaxiralar yana 2,01 mlrd dollarga oshib, 77,09 mlrd dollarlik eng yuqori darajaga chiqdi. Biroq mart oyining oʻzida bu oʻsishning katta qismi yoʻqoldi. Oltin narxining pasayishi va valyutadagi aktivlarning qisqarishi hisobiga jami zaxiralar 8,10 mlrd dollarga kamayib, 68,99 mlrd dollarga tushdi.

Aprelda zaxiralar qisman tiklangan boʻlsa-da, may va iyundagi pasayishdan keyin yarim yillik 63,76 mlrd dollar bilan yakunlandi. Iyun oyining oʻzida qisqarish 6,83 mlrd dollarni tashkil etdi. Oʻsha oyda ham oltinning jismoniy hajmi oshgan, ammo uning dollardagi qiymati kamaygan edi.

Iyuldagi moʻʼtadil oʻsishdan soʻng avgustda zaxiralar birdaniga 7,79 mlrd dollarga koʻpayib, 72,13 mlrd dollarga yetdi. Sentabr va oktabrda esa jami 8,51 mlrd dollarlik pasayish qayd etildi. Shu tariqa, avgustdagi oʻsish keyingi ikki oyda toʻliq yoʻqoldi.

Quyidagi jadvalda har bir oyning yakuni, yaʼni keyingi oyning birinchi sanasidagi qoldiq keltirilgan. Summalar mlrd dollarda.

DavrJami zaxiralarBir oydagi oʻzgarishOltin qiymatiXorijiy valyutadagi aktivlar
Yil boshi66,31—55,0910,64
Yanvar75,08+8,7764,989,52
Fevral77,09+2,0167,678,84
Mart68,99−8,1060,857,57
Aprel70,89+1,9061,598,72
May70,58−0,3161,448,57
Iyun63,76−6,8355,767,44
Iyul64,35+0,5956,127,65
Avgust72,13+7,7964,936,64
Sentabr66,59−5,5560,095,93
Oktabr63,63−2,9658,045,01

Oktabrda zaxiralar nega kamaydi?

Oktabrda xalqaro zaxiralar 2,96 mlrd dollarga yoki 4,45 foizga qisqardi. Markaziy bank izohiga koʻra, oy davomida oltinning hisob-kitob narxi bir troy unsiya uchun 4 188,75 dollardan 3 981,10 dollargacha tushgan. Narx oʻzgarishining zaxiralarga salbiy taʼsiri qariyb 3 mlrd dollarni tashkil etgan.

Shu bilan birga, oltinning jismoniy hajmi 14,34 mln troy unsiyadan 14,58 mln troy unsiyagacha oshgan. Bu bir oyda qariyb 7,3 tonna qoʻshimcha oltin degani. Hajmning koʻpayishi narx pasayishining bir qismini qoplagan va oltin zaxiralarining qiymati yakunda 2,04 mlrd dollarga kamayib, 58,04 mlrd dollarni tashkil etgan.

Xorijiy valyutadagi zaxiralar ham oktabrda 921 mln dollarga yoki 15,5 foizga qisqargan. Jumladan, naqd valyuta va depozitlar 4,24 mlrd dollardan 3,86 mlrd dollarga, qimmatli qogʻozlar portfeli esa 1,69 mlrd dollardan 1,15 mlrd dollarga tushgan.

Oltin koʻpaymoqda, valyutadagi zaxiralar qisqarmoqda

Yil boshidan buyon zaxiralardagi oltin hajmi 12,55 mln troy unsiyadan 14,58 mln troy unsiyagacha oshdi. Bu taxminan 390,3 tonnadan 453,5 tonnagacha yoki 16,2 foizlik oʻsishdir. Oltinning dollardagi qiymati esa shu davrda ancha sekin, 5,4 foizga koʻpaygan.

Ayni paytda xorijiy valyutadagi aktivlar 10,64 mlrd dollardan 5,01 mlrd dollargacha kamaygan. Oʻn oylik qisqarish 5,63 mlrd dollarni yoki 52,9 foizni tashkil etadi. Valyutadagi zaxiralar yanvar–oktabrning sakkiz oyida kamaygan, faqat aprel va iyulda oʻsgan.

Natijada oltinning jami zaxiralardagi ulushi yil boshidagi 83,1 foizdan 91,2 foizgacha koʻtarildi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+