Oʻzbekiston banklari toʻqqiz oyda qancha sof foyda oldi?
Oʻzbekiston banklari 2026 yilning yanvar–sentabr oylarida 15,26 trln soʻm sof foyda oldi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 40,3 foizga koʻproq.
Banklar orasida eng koʻp sof foydani 2,07 trln soʻm bilan “Ipoteka-bank” qayd etdi.
Mamlakatdagi 34 ta bankdan 32 tasi toʻqqiz oylikni foyda bilan yakunlagan. “Mikrokreditbank” 50,4 mlrd soʻm, TBC Bank esa 69,6 mlrd soʻm zarar qayd etgan.

2026-yilning yanvar–sentabr oylarida Oʻzbekiston banklarining jami sof foydasi 15,26 trln soʻmni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 40,3 foizga koʻproqdir.
Banklar olgan jami sof foydaning qariyb yarmi beshta bank hissasiga toʻgʻri keldi. Ipoteka-bank, Oʻzmilliybank, Hamkorbank, Kapitalbank va Oʻzsanoatqurilishbank birgalikda 7,62 trln soʻm sof foyda olgan. Bu sektor umumiy natijasining 49,96 foiziga teng.
Eng katta sof foydani Ipoteka-bank qayd etdi. Bankning toʻqqiz oylik natijasi 2 trln 72,3 mlrd soʻmni tashkil etgan. Oʻtgan yilning mos davrida bu koʻrsatkich 102,5 mlrd soʻm boʻlgan edi. Shu tariqa, sof foyda qariyb 20,2 baravar oshib, bank reytingda 19-oʻrindan birinchi oʻringa koʻtarildi.

Oʻzmilliybank 1 trln 552,2 mlrd soʻm bilan ikkinchi, Hamkorbank esa 1 trln 480,4 mlrd soʻm bilan uchinchi oʻrinni egalladi. Ularning sof foydasi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan tegishlicha 7,1 foiz va 16,8 foizga oshgan.
Kapitalbankning sof foydasi 13,5 foizga koʻpayib, 1 trln 313 mlrd soʻmga yetdi. Oʻzsanoatqurilishbankda esa koʻrsatkich 12,9 foizga kamayib, 1 trln 207 mlrd soʻmni tashkil etdi. Natijada SQB ikkinchi oʻrindan beshinchi oʻringa tushgan.
Xalq banki katta oʻsish qayd etgan banklardan biri boʻldi. Uning sof foydasi 269,1 mlrd soʻmdan 837,3 mlrd soʻmga koʻtarilgan. Bir yillik oʻsish 568,2 mlrd soʻm yoki 211,1 foizni tashkil etdi.
Nisbiy hisobda Uzum Bank ajralib turdi. Bankning sof foydasi 7,6 mlrd soʻmdan qariyb 485 mlrd soʻmga yetib, qariyb 64 baravar oshgan. Shu tariqa, bank reytingda 17 pogʻona yuqorilab, 13-oʻrinni egalladi.
InFinBank’ning sof foydasi 170 foizga oshib, 530,7 mlrd soʻmga yetdi. Agrobankda koʻrsatkich 32,8 mlrd soʻmdan 170,6 mlrd soʻmga koʻtarilgan. Aloqabank esa 409,2 mlrd soʻm sof foyda olib, oʻtgan yilgi natijasini 58,4 foizga yaxshiladi.
Apex Bank ham oʻtgan yilning toʻqqiz oyidagi 52,2 mlrd soʻmlik zarardan chiqib, 179 mlrd soʻm sof foyda qayd etdi.
Shu bilan birga, oʻnta bankning moliyaviy natijasi yomonlashgan. ANORBANK sof foydasi 55,7 foizga kamayib, 104,5 mlrd soʻmga tushdi. Biznesni rivojlantirish bankida bu koʻrsatkich 32,9 foizga qisqarib, 259,6 mlrd soʻmni tashkil etdi. Oriyent Finans Bankning foydasi 8,7 foizga, Aziya Alyans Bankniki esa 13,3 foizga kamaygan.
Mikrokreditbank toʻqqiz oylikni 50,4 mlrd soʻm, TBC Bank esa 69,6 mlrd soʻm zarar bilan yakunladi. Taqqoslash uchun, oʻtgan yilning mos davrida ushbu banklar tegishlicha 90,9 mlrd soʻm va 30,3 mlrd soʻm sof foyda olgan edi.
Reytingdagi qolgan 32 ta bank foyda qayd etgan. AVO bank 455 mln soʻm bilan eng kam sof foyda olgan bank boʻldi. Openbankning foydasi 1,3 mlrd soʻmni, Poytaxt bankniki esa 2,6 mlrd soʻmni tashkil etdi.
Banklar sof foydasi haqidagi maʼlumotlar Korporativ maʼlumotlar yagona portali hamda operativ hisobotlarga asoslanib, “Axbor-reyting” agentligi tomonidan eʼlon qilingan.









