Oʻzbekiston 2025 yilda oltin eksporti boʻyicha tarixiy rekord qayd etdi
Oʻtgan yilda Oʻzbekistonning qimmatbaho metallar eksporti hajmi 9,9 mlrd dollardan oshdi.
Bu mamlakat tarixdagi eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.
Oltin umumiy eksport tarkibining 29,3 foizini tashkil etdi.

Oʻzbekiston 2025 yilda oltin eksporti hajmi boʻyicha oʻz tarixidagi eng yuqori koʻrsatkichni qayd etdi. Bu haqda mamlakatning tashqi savdo aylanmasi boʻyicha hisobotdan maʼlum boʻldi.
Qayd etilishicha, dekabr oyida Oʻzbekiston oltin eksportini toʻliq toʻxtatgan. Shuningdek, noyabr oyida ham qimmatbaho metall sotilmagan boʻlib, shu davrda mamlakat dunyodagi uchinchi eng yirik oltin xaridoriga aylangan. Bundan tashqari, oktabr, iyun va yanvar oylarida ham oltin eksporti amalga oshirilmagan.
Qolgan oylar davomida Oʻzbekiston oltin eksporti quyidagi hajmlarda qayd etildi:
- fevralda — 1,73 mlrd dollar,
- martda — 1,84 mlrd dollar,
- aprelda — 1,91 mlrd dollar,
- mayda — 1,01 mlrd dollar,
- iyulda — 1,1 mlrd dollar,
- avgustda — 836 mln dollar,
- sentabrda — 1,47 mlrd dollar.
Yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning qimmatbaho metallar eksporti hajmi 9,9 mlrd dollardan oshdi, bu esa 2024 yilga nisbatan 32,3 foizga koʻp. Oltin umumiy eksport tarkibining 29,3 foizini tashkil etdi. Ushbu koʻrsatkich mamlakat tarixidagi eng yuqori eksport natijasi sifatida qayd etildi.
Oltin-valyuta zaxiralari oshdi
Yil davomida ayrim oylarda oltin faol sotilganiga qaramay, yil oxiridagi xaridlar hisobiga oltin-valyuta zaxiralari tarkibidagi oltinning fizik hajmi 12,3 mln troy unsiyadan 12,6 mln troy unsiyagacha oshdi.
2025 yilda Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari umumiy hajmi 66,3 mlrd dollarga yetdi. Zaxiralardagi eng katta oʻsish aynan oltin hisobiga toʻgʻri keldi. Xususan, qimmatbaho metallning qiymati dekabr oyining oʻzida 50,86 mlrd dollardan 55,1 mlrd dollargacha koʻtarildi.
Avvalroq Pinkod NKMK 2025 yilda 11,3 mlrd dollarlik mahsulot ishlab chiqargani va 98,18 tonna oltin qazib olgani haqida xabar bergan edi.









