Ortiqxoʻjayev oʻz biznesini oʻzining “AQSh kompaniyasi”ga oʻtkazdi. Raqobat qoʻmita esa rozilik haqida kamida 22 kundan keyin xabar berdi
Raqobat qoʻmitasi Hilton egaligini “AQSh kompaniyasi”ga oʻtkazish bitimiga rozilik berilganini maʼlum qildi.
Xaridor sifatida koʻrsatilgan StageWise Corp’ni Jahongir Ortiqxoʻjayev bitimdan toʻrt oy avval oʻz nazoratiga olgan, bitimdan keyin esa aksiyalarning 99,44 foizi uning kompaniyasi va qizi qoʻlida jamlangan.
Amalda biznes ustidan oila nazorati saqlanib, unga egalik qilish tuzilmasi AQSh yurisdiksiyasiga koʻchirilgan. Qoʻmita rozilik berilgani haqida kamida 22 kundan keyin xabar bergan.

Raqobat qoʻmitasi StageWise Strategies Corp. kompaniyasi tomonidan TEG SPV MChJning 100 foiz ulushini olish boʻyicha iqtisodiy konsentratsiya bitimiga rozilik berdi.
Xabarda StageWise veb-saytlarni qidiruv tizimlarida rivojlantirish va axborot vositalarini taqdim etish bilan shugʻullanuvchi AQSh kompaniyasi sifatida tavsiflangan. Xaridorning Jahongir Ortiqxoʻjayev bilan bogʻliqligi esa keltirilmagan.
AQSh Qimmatli qogʻozlar va birjalar komissiyasiga taqdim etilgan hujjatga koʻra, Ortiqxoʻjayev 2026 yil 5 iyunda StageWise’ning 74,2 foiz aksiyasini 750 ming dollarga sotib olgan. Keyinchalik u yana 250 ming dollar evaziga 1 mln yangi aksiya olgan.
Toʻlov shaxsiy mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan. Hujjatda ushbu xarid natijasida kompaniya ustidan nazorat Ortiqxoʻjayevga oʻtgani ochiq qayd etilgan. Kompaniyaning asosiy ofisi manzili ham Toshkent shahri, Maxtumquli koʻchasi, 64/2-uy deb koʻrsatilgan.
Oradan toʻrt oy oʻtib, Hilton Tashkent City, Wyndham Bukhara mehmonxonalari va CAEX koʻrgazma markazi bizneslarini birlashtiruvchi TEG SPV ulushlari shu kompaniya aksiyalariga almashtirilgan.
Bitim yakunlari haqidagi hisobotda operatsiya 13 oktabrda yakunlangani koʻrsatilgan. Ulushlar evaziga sotuvchilarga jami 183,1 mln yangi aksiya berilgan. StageWise esa TEG Overseas deb qayta nomlangan.
Hisobotda AQSh kompaniyasi TEG SPV’ning 99,99999012 foiz ulushini olgani, qolgan kichik ulush Wellmore kompaniyasida saqlangani qayd etilgan. Oʻzbekiston qonunchiligi boʻyicha ulushlarga egalik huquqi davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilganidan keyin kuchga kirishi belgilangan.
Bitimdan keyin AQSh kompaniyasi aksiyalarining 68,30 foizi Tourism and Entertainment Group’ga, 31,14 foizi Ortiqxoʻjayevning qizi Irodaxon Abduvahidovaga tegishli boʻlgan. Ularning jami ulushi 99,44 foizni tashkil etgan. Ortiqxoʻjayev Tourism and Entertainment Group’ning taxminan 99,93 foiziga egalik qilishi koʻrsatilgan.
Shu tariqa, Oʻzbekistondagi bizneslarga egalik qiluvchi xolding AQShda roʻyxatdan oʻtgan kompaniya tarkibiga kiritilgan, yakuniy nazorat esa Ortiqxoʻjayev oilasida saqlangan.
Qoʻmita rozilik berilgani haqida kamida 22 kun oʻtib xabar bergan. SEC’ga 8 oktabrda taqdim etilgan hisobotda monopoliyaga qarshi organ roziligi allaqachon olingani qayd etilgan. Qoʻmita esa bu haqda 30 oktabrda maʼlum qilgan.
Jahongir Ortiqxoʻjayev 2019 yil 31 yanvarda Hilton mehmonxonasi va Kongress-xoll qurib bitkazilgach, davlatga begʻaraz berilishini aytgan. Keyingi hujjatlarda esa mehmonxona egasi va operatori AKFA Dream World ekani koʻrsatilgan.
Ochiq manbalardagi ayrim davr va soliq turlari boʻyicha maʼlumotlarga koʻra, AKFA Dream World jami 53,8 mlrd soʻmlik soliq imtiyozidan foydalangan. Bu summa 2017–2024 yillardagi barcha imtiyozlarni qamrab olmaydi. Hilton uchun berilgan soliq yengilliklari 2025 yil 1 yanvargacha amal qilgan.









