“Oʻrgimchak odam: Yangi kun” Oʻzbekiston va Qozogʻistonda kassa rekordini oʻrnatdi
Film Oʻzbekistonda birinchi kunning oʻzida 1,07 mlrd soʻm yigʻib, mamlakat kinoprokati tarixidagi rekordni yangiladi. Uning Markaziy Osiyodagi dastlabki dam olish kunlari tushumi esa $3,58 mlnga yetdi.

“Oʻrgimchak odam: Yangi kun” filmi Markaziy Osiyodagi dastlabki dam olish kunlarida $3,5 mlndan ortiq daromad keltirdi. Umumiy tushumning 10 foizi Oʻzbekiston hissasiga toʻgʻri keldi.
Film Oʻzbekistonda 6 avgust kuni keng prokatga chiqdi. Ascar Cinema taqdim etgan dastlabki maʼlumotlarga koʻra, kartina birinchi kunning oʻzida 1,07 mlrd soʻm yoki $90,2 ming daromad keltirdi. Natijada “Oʻrgimchak odam: Yangi kun” Oʻzbekiston kinoprokat tarixidagi eng yuqori bir kunlik tushumni qayd etgan filmga aylandi.
Premera kunida filmni mamlakat boʻylab 15 838 tomoshabin koʻrdi. Ushbu koʻrsatkich ham kartinaga boʻlgan talab yuqori boʻlganini koʻrsatadi. Oʻzbekiston filmning mintaqadagi birinchi kunlik namoyishlari boʻyicha Qozogʻistondan keyingi ikkinchi yirik bozorga aylandi.
Mahalliylashtirilgan versiya ham film natijalariga sezilarli hissa qoʻshdi. Oʻzbek tilida dublyaj qilingan seanslar premera kunidagi umumiy kassa yigʻimining 11,5%ini taʼminladi. Bu yirik xorijiy filmlarni oʻzbek tilida tomosha qilishga boʻlgan talab tobora oshib borayotganini koʻrsatadi.
Qozogʻistonda film uch kun ichida 1,37 mlrd tenge yoki $2,94 mln yigʻdi. Natijada “Oʻrgimchak odam: Yangi kun” mamlakatda 1 mlrd tenge daromadga eng tez erishgan filmga aylandi.
Avvalgi rekord “Avatar: Suv yoʻli” va “Zootopiya 2” filmlariga tegishli boʻlib, ular mazkur natijaga olti kunda erishgan. Filmning qozoq tilidagi versiyasi dastlabki dam olish kunlaridagi tushumning 5,6 foizini taʼminladi.
Markaziy Osiyodagi daromad $3,58 mlnga yetdi
Birinchi dam olish kunlari yakunlariga koʻra, filmning Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Armaniston va Tojikistondagi umumiy daromadi 1,67 mlrd tenge yoki $3,58 mlnga yetdi.
Mintaqaviy kassa yigʻimining asosiy qismi Qozogʻiston hissasiga toʻgʻri keldi. Mamlakatda film 1,3 mlrd tenge daromad keltirib, umumiy tushumning 77,8 foizini taʼminladi.
Oʻzbekiston 167 mln tenge ekvivalentidagi daromad va 10%lik ulush bilan ikkinchi oʻrinni egalladi. Qirgʻizistondagi tushum 109,1 mln tenge yoki mintaqaviy natijaning 6,5 foizini tashkil etdi. Armaniston hissasiga 81,5 mln tenge va 4,9 foiz, Tojikiston hissasiga esa 31,8 mln tenge va 1,9 foiz toʻgʻri keldi.
Filmning faqat birinchi kunidagi mintaqaviy daromadi ham $1 mlndan oshgan. Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Armaniston va Tojikistonda birinchi 24 soat davomida qariyb 200 ming kishi filmni kinoteatrlarda tomosha qilgan.









