Openbank’ning 100 foiz aksiyasi ustav kapitali 5,1 mln soʻmlik kompaniyaga oʻtkaziladi
Openbankning 100 foiz aksiyasi “Open Global” MChJga oʻtkazilishi kutilmoqda. Ustav kapitali 5,09 mln soʻm boʻlgan ushbu kompaniya BAAdagi erkin iqtisodiy hududda roʻyxatdan oʻtgan “OPEN HOLDING LLC-FZ”ga tegishli. Xorijiy kompaniyaning yakuniy egalari haqidagi maʼlumotlar ochiq emas.

Korporativ axborot yagona portalida eʼlon qilingan maʼlumotga koʻra, “Future Open Technology Group” aksiyadorlarining 5 noyabrdagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilishida Openbank’ning 100 foiz aksiyasini “Open Global” MChJ ustav kapitaliga ulush sifatida kiritish maʼqullangan.
Qaror korporativ tuzilmani qayta tashkil etish maqsadida qabul qilingan. Bitimni rasmiylashtirish kompaniya direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Farrux Sulaymonovga topshirilgan.
Ochiq reyestr maʼlumotlariga koʻra, “Open Global” MChJ 2024 yil 7 avgustda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida roʻyxatdan oʻtgan. Kompaniyaning ustav kapitali 5,09 mln soʻmni tashkil etadi, asosiy faoliyat turi esa xolding kompaniyalari faoliyati hisoblanadi.
Kompaniyaning yagona taʼsischisi — Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) tashkil etilgan “OPEN HOLDING LLC-FZ” boʻlib, ustav kapitalining 100 foiziga egalik qiladi.
“LLC-FZ” huquqiy shakli kompaniyaning BAAdagi erkin iqtisodiy hududlardan birida tashkil etilganini anglatadi. Bunday hududlarda roʻyxatdan oʻtgan kompaniyalarning yakuniy benefitsiar mulkdorlari haqidagi maʼlumotlar vakolatli organlarga taqdim etiladi, biroq ularning reyestri jamoatchilik uchun ochiq emas.
Shu sababli “OPEN HOLDING LLC-FZ”ning ortida turgan yakuniy jismoniy shaxslarni ochiq maʼlumotlar asosida aniqlashning imkoni boʻlmadi.
Shuningdek, “Future Open Technology Group”ning ustav kapitalini 512 mlrd soʻmdan 20 mlrd soʻmgacha, yaʼni 96,1 foizga qisqartirish belgilangan. Buning uchun nominal qiymati 1 000 soʻmdan boʻlgan 492 mln dona aksiya qayta sotib olinib, bekor qilinadi.
Openbank dastlab Smartbank nomi ostida faoliyat yuritgan. 2025 yil boshida “Future Open Technology Group” bank aksiyalarining 90,2 foizini 451 mlrd soʻmga sotib olgan. 2026 yil iyunida esa uning bankdagi ulushi 100 foizga yetgan.
Eslatib oʻtamiz, Markaziy bankning 23 oktabrdagi qarori bilan Openbank’ka Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun ilk litsenziya berilgan edi.









