OpenAI tarixdagi eng kuchli sunʼiy intellekt modellaridan biri — GPT-o3 taqdim qildi
GPT-o3 modeli ilm-fan, kod yozish va matematika sohalarida yangi imkoniyatlarga ega boʻlishi kutilmoqda. Ushbu model kompaniya dasturchilaridan ham yuqori natijalarni koʻrsatgan.
Yangi modellar: o3 va o3 mini
OpenAI juma kuni o3 va o3 mini modellarini sinovdan oʻtkazayotganini maʼlum qildi. o3 modeli avvalgi barcha modellarni bir necha barobar ortda qoldirishi kutilmoqda va bu sohadagi raqobatda OpenAI’ni yangi darajaga olib chiqishi mumkin. Ushbu modellar murakkab muammolarni hal qilishda avvalgi o1 modellaridan kuchliroq boʻladi. Bundan tashqari, ilm-fan, kod yozish va matematika sohalarida yangi imkoniyatlariga ega boʻlishi kutilmoqda.
o3 modelining imkoniyatlari:
- Matematik hisob-kitoblar boʻyicha o1 modelidan 3 barobar ustun boʻlib, 87% masalalarni bemalol yechadi.
- Codeforces platformasida yangi model 2727 reytingni yigʻdi va hattoki OpenAI dasturchilarining koʻrsatkichidan ham oshib ketdi. Yaʼni, u kodni odamlardan yaxshiroq yoza oladi.
o3 modeli AIME 2024 musobaqasida 96,7% natijaga erishdi va faqat bittagina savolni notoʻgʻri yechdi.
Hozircha o3 modeli xavfsizlik boʻyicha ichki sinovlardan oʻtmoqda. OpenAI tashqi tadqiqotchilar uchun ariza topshirish jarayonini ochdi, bu jarayon 10 yanvarda yakunlanadi. Shundan soʻng, model keng ommaga taqdim qilinadi.
OpenAI 2022 yilda ChatGPT’ni ishga tushirib, sunʼiy intellekt texnologiyasi poygasini boshlab yuborgan edi. o3 va o3 mini modellarining taqdimoti kompaniyaning texnologiya yetakchiligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. OpenAI sentabr oyida o1 modellarini chiqarib, qiyin masalalarni hal qilishda katta yutuqlarga erishgan edi. Endilikda o3 modellari undan ham kuchli boʻlishi kutilmoqda.
Yangi mahsulotlarning ommaviylashuvi OpenAI’ga oktabr oyida 6,6 milliard dollar sarmoya jalb qilishga yordam berdi. Bu esa kompaniyaning texnologik rivojlanish boʻyicha raqobatda yanada oldinga chiqishini taʼminlaydi.