OpenAI sudga millionlab maxfiy ChatGPT suhbatlarini topshiradi
OpenAI The New York Times bilan boʻlayotgan mualliflik huquqi mojarosida millionlab anonimlashtirilgan ChatGPT foydalanuvchi suhbatlarini sudga taqdim etishi shart boʻldi. Sud qarori OpenAI’ning maxfiylik boʻyicha eʼtirozlariga qaramay qabul qilindi.

OpenAI The New York Times (NYT) bilan davom etayotgan mualliflik huquqi boʻyicha sud jarayonida millionlab anonimlashtirilgan ChatGPT suhbat yozuvlarini taqdim etishi shart boʻldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Federal sudya Ona Vang mazkur 20 millionga yaqin yozuv nizo uchun muhim dalil boʻlishi mumkinligini, shu bilan birga anonimlashtirish orqali foydalanuvchilarning shaxsiy daxlsizligi buzilmasligini taʼkidladi.
OpenAI bundan oldin maxfiylik xavfi sababli yozuvlarni berishni rad etgan edi. Kompaniya vakillarining aytishicha, foydalanuvchi chatlari juda nozik maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi va ularni oshkor qilish uzoq yillardan beri amal qilinayotgan xavfsizlik meʼyorlariga zid. Biroq sudya Vang OpenAI qoʻllayotgan “keng qamrovli anonimlashtirish” choralari bunday xavotirlarni yetarlicha kamaytirishini bildirdi.
NYT va boshqa axborot agentliklari bu chat loglari ChatGPT ularning mualliflik huquqi bilan himoyalangan materiallarini takrorlagan-takrorlamaganini aniqlash uchun zarurligini taʼkidlab kelmoqda. Shuningdek, ular OpenAI ilgari ilgari surgan “nashrlar chatbotga ataylab buzib kirgan” degan ayblovni rad etish uchun ham ushbu yozuvlar muhim ekanini aytgan.
OpenAI esa aksincha, suhbatlarning “99,99 foizi” daʼvo bilan umuman bogʻliq emasligini va ularni toʻliq taqdim etish ortiqcha ekanini bildirdi.
Shunga qaramay, sud OpenAI’ga barcha shaxsni aniqlovchi elementlari olib tashlangan chat yozuvlarini yetti kun ichida topshirishni buyurdi. Bu ish 2023 yilda Times tomonidan qoʻzgʻatilgan va hozirda texnologiya kompaniyalari bilan nashriyotlar oʻrtasidagi eng yirik mualliflik huquqi mojarolaridan biri hisoblanadi.









