12 010.450 so‘m

decrease

-13.160

13 200.690 so‘m

decrease

-36.100

145.640 so‘m

increase

0.100

12 010.450 so‘m

decrease

-13.160

Yaqin 2 soat ichida
Texnologiya
27

OpenAI GPT-6.2 Astra va Sol modellarini taqdim etdi. Ular nimalarga qodir?

Yangi modellar huquqiy va moliyaviy hujjatlarni tahlil qilish, dasturlash, veb-saytlar yaratish hamda murakkab vazifalarni avtomatlashtirishda yaxshilangan. GPT-6.2 Astra avvalgi versiyasidan samaraliroq ishlaydi, API narxi esa 20 foizga arzonlashgan.

OpenAI GPT-6.2 Astra va Sol modellarini taqdim etdi. Ular nimalarga qodir?

OpenAI 17 noyabr kuni GPT-6.2 Astra va GPT-6.2 Sol sunʼiy intellekt modellarini taqdim etdi. Kompaniyaga koʻra, yangi modellar murakkab vazifalarni kamroq token sarflagan holda bajaradi.

GPT-6.2 Astra ilmiy tadqiqotlar, huquqiy tahlil, moliyaviy hujjatlar bilan ishlash va dasturlash kabi murakkab professional vazifalar uchun moʻljallangan. GPT-6.2 Sol esa kundalik ishlar, matn yozish va bir necha bosqichli avtomatlashtirilgan jarayonlarga yoʻnaltirilgan.

OpenAI maʼlumotlariga koʻra, GPT-6.2 Astra murakkab professional vazifalarni baholovchi Agents’ Last Exam sinovida avvalgi GPT-6 Astra’dan 5,2 foiz punkt yuqori natija koʻrsatgan. Bunda bir vazifani bajarish xarajati uch baravardan koʻproqqa kamaygan.

Yangi model hujjatlar, elektron jadvallar va taqdimotlar tayyorlashda ham yaxshilangan. Xususan, GPT-6.2 Astra berilgan shablonlarga aniqroq rioya qilishi, moliyaviy hisob-kitoblarni tushunarliroq taqdim etishi va murakkab dasturiy kodlarni samaraliroq yozishi taʼkidlanmoqda.

Huquqiy vazifalar boʻyicha Harvey LAB-AA sinovida Astra raqobatchi Claude Fable 5.2 modelidan ikki baravardan koʻproq yuqori muvaffaqiyat koʻrsatkichiga erishgan. Sinov hujjatlardagi faktlarni aniqlash, shartnomalarni tahlil qilish va belgilangan talablarga mos huquqiy materiallar tayyorlashni baholaydi.

Bundan tashqari, Astra veb-saytlar, interaktiv dasturlar va 3D modellar yaratishda ham yaxshilangan. OpenAI namoyishlaridan birida model avtomobilning 3D modelini yaratib, uning harakatlanish dinamikasini simulyatsiya qilgan.

GPT-6.2 Sol ham sezilarli yaxshilangan. FrontierCode 2.0 dasturlash sinovida u Astra’dan atigi 0,5 punkt ortda qolgan, biroq vazifani bajarish xarajati taxminan besh baravar kam boʻlgan.

Narxlar qanday oʻzgardi?

GPT-6.2 Astra uchun API orqali har 1 mln kiruvchi token narxi 8 dollar, chiquvchi token narxi esa 40 dollar etib belgilangan. Bu avvalgi GPT-6 Astra’dan 20 foizga arzon.

GPT-6.2 Sol narxi oʻzgarishsiz qolgan: 1 mln kiruvchi token uchun 2 dollar, chiquvchi token uchun 10 dollar. Shunday qilib, Sol’ning standart token narxlari Astra’nikidan toʻrt baravar past.

Ayni paytda GPT-6.2 Astra OpenAI tomonidan tashqi foydalanuvchilarga taqdim etilgan, sunʼiy intellektni takomillashtirish qobiliyati boʻyicha “High” xavf darajasiga yetgan birinchi model boʻldi. Shu sababli kompaniya undan foydalanishda qoʻshimcha xavfsizlik choralarini joriy qilgan.

Yangi modellar ChatGPT Plus, Pro, Enterprise va Edu foydalanuvchilari uchun ChatGPT Work hamda Codex orqali taqdim etilgan. Dasturchilar ulardan OpenAI API orqali ham foydalanishi mumkin. Hozircha modellar ChatGPT’ning odatiy suhbat rejimiga qoʻshilmagan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+