Oltin narxi sezilarli darajada pasaydi
Jumladan, troya unsiyasi uchun oltin narxi $3 500 dan $3 281 gacha pasaydi.
Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan 100 grammlik oltin quyma narxi esa maksimal qiymatga nisbatan 7,2 million soʻm yoki 4,8 foizga arzonlashdi.
Buning asosiy sababi nimada?

Oltin narxi oʻzining rekord darajasidan, troya unsiyasi uchun $3 500 dan $3 281 gacha pasaydi. Bu holat AQSh prezidenti Donald Trampning Federal Rezerv tizimi (FED) raisini ishdan boʻshatish rejalari yoʻqligini bildirgani hamda Xitoy bilan tariflar borasida ijobiy siljishlar mavjudligini maʼlum qilganidan soʻng yuz berdi.
Bundan tashqari, avvalroq oltin xarid qilgan investorlar narxlar koʻtarilgan paytda foydani realizatsiya qilishga harakat qilgani soʻnggi besh yillikdagi eng yirik oltin sotuvlariga sabab boʻldi.
Ayrim tahlilchilarning fikricha, joriy yilda va soʻnggi 12 oy ichida narxlarning keskin oshganini inobatga olganda, bu pasayish kutilgan va tabiiy tuzatish hisoblanadi.

Garchi foyda realizatsiyasi tufayli bozorda bosim kuchaygan boʻlsa-da, ekspertlar uzoq muddatli oʻsish tendensiyasi hanuz saqlanib qolayotganini taʼkidlashmoqda. Oltinning eng past savdo darajasi $3 260 ni tashkil etdi, bu kunlik 3 foizlik pasayishni anglatadi. Xabar tayyorlanayotgan vaqtda holat biroz yaxshilanib, oltin unsiyasi $3 328 darajasida savdo qilinmoqda. Bir gramm sof oltin esa $107 atrofida baholanmoqda.
Oʻzbekistonda oltin narxlari
Xalqaro bozordagi oʻzgarishlar fonida, Oʻzbekistondagi oltin narxlari ham pasayishni boshladi. Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan oltin quymalarning narxi quyidagicha oʻzgardi:
- 5 gramm — 7 107 000 soʻm (avvalgi maksimum: 7 467 000 soʻm)
- 10 gramm — 14 214 000 soʻm
- 20 gramm — 28 429 000 soʻm
- 50 gramm — 71 071 000 soʻm
- 100 gramm — 142 143 000 soʻm (avvalgi rekorddan 7,2 mln soʻm yoki 4,8% kam)
Oltin quymalarini banklardan sotib olish imkoniyati mavjud. Banklarning manzillari va batafsil maʼlumotlarni Markaziy bank rasmiy saytidan topish mumkin.