Oltin narxi 2025 yil noyabridan buyon ilk marta 4 ming dollardan pastga tushdi
AQSh dollarining mustahkamlanishi va Federal rezerv tizimi foiz stavkalarini oshirishi mumkinligi haqidagi kutilmalar qimmatbaho metallar bozoriga bosimni kuchaytirdi.

Jahon bozorida oltinning bir troy unsiyasi narxi 2025 yil noyabridan buyon ilk marta 4 ming dollardan pastga tushdi.
24 iyun kungi savdolarda spot oltin narxi 3,3 foizga pasayib, bir unsiya uchun 3 973,79 dollarni tashkil etdi. Bu soʻnggi yetti oydan ortiq davrdagi eng past koʻrsatkich boʻldi. AQShda oltin fyucherslari esa 3,4 foizga arzonlab, savdolarni 4 008,8 dollarda yakunladi.
25 iyun ertalab oltinning spot narxi 0,2 foizga pasayib, 3 993,33 dollar atrofida savdoni davom ettirdi. Avgust oyiga moʻljallangan fyucherslar narxi esa 4 008,3 dollarni tashkil etdi.
Oltinning arzonlashishiga AQSh dollarining 13 oylik eng yuqori darajaga yaqinlashgani hamda Federal rezerv tizimi yil yakunigacha foiz stavkalarini oshirishi mumkinligi haqidagi kutilmalar sabab boʻlmoqda. Dollar mustahkamlanganda boshqa valyutalarda savdo qiluvchi xaridorlar uchun oltin qimmatlashadi va unga boʻlgan talab pasayadi.
Bozor ishtirokchilari 2026 yilda AQShda uch marta stavka oshirilishini kutmoqda. Sentabr oyidagi yigʻilishda stavka koʻtarilishi ehtimoli qariyb 67 foiz deb baholanmoqda. Yuqori foiz stavkalari investorlarga daromad keltirmaydigan oltinning jozibadorligini kamaytiradi.
Oltin narxi 2026 yil 29 yanvarda bir unsiya uchun 5 594,82 dollarlik tarixiy maksimumga chiqqan edi. Shundan buyon qimmatbaho metall qariyb 29 foizga, yaʼni 1 600 dollardan koʻproqqa arzonlashdi.
Maʼlumot uchun, oltin narxi tarixda ilk bor 2025 yil 8 oktabrda 4 ming dollarlik chegaradan oshgan edi. Oʻshanda uning 3 500 dollardan 4 ming dollargacha koʻtarilishi uchun atigi 36 kun kerak boʻlgan.









