12 088.980 so‘m

increase

23.490

13 801.990 so‘m

increase

47.330

154.470 so‘m

decrease

-1.190

12 088.980 so‘m

increase

23.490

3 soat avval
Bank
100

Octobank 2026 yilning birinchi yarim yilligini moliyaviy oʻsish, yangi imkoniyatlar va xalqaro eʼtiroflar bilan yakunladi

2026 yilning dastlabki olti oyi Octobank uchun moliyaviy koʻrsatkichlarning oʻsishi, mahsulotlar qatorining kengayishi, yangi xalqaro hamkorliklarning yoʻlga qoʻyilishi va nufuzli eʼtiroflar bilan ahamiyatli boʻldi. Bank oʻz faoliyatida mijozlar ehtiyojlarini chuqurroq oʻrganish, ularga yanada yaqin boʻlish va zamonaviy moliyaviy yechimlarni taklif etishga alohida eʼtibor qaratdi.

Octobank 2026 yilning birinchi yarim yilligini moliyaviy oʻsish, yangi imkoniyatlar va xalqaro eʼtiroflar bilan yakunladi

Moliyaviy koʻrsatkichlar

2026 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga koʻra, Octobank’ning asosiy moliyaviy koʻrsatkichlarida sezilarli oʻsish qayd etildi.

Bank aktivlari 16,52 trln soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 231,93 foizga oʻsdi.

Majburiyatlar hajmi 4,05 trln soʻmdan 15,32 trln soʻmga yetib, 278,26 foizga oshdi.

Bankning xususiy kapitali 1,20 trln soʻmni, shu jumladan ustav kapitali 500 mlrd soʻmni tashkil etdi.

Kredit portfeli hajmi 392,8 mlrd soʻmdan 609,4 mlrd soʻmga yetib, 55,15 foizga oʻsdi.

2026 yilning birinchi yarim yilligida bankning sof foydasi 170,6 mlrd soʻmni, sof foiz daromadi esa 224,6 mlrd soʻmni tashkil etdi.

Bankning mijozlar bazasi 3,66 million kishidan oshdi. Shu bilan birga, bank jamoasi ham kengayib, xodimlar soni 379 nafardan 471 nafarga yetdi.

Mijozlar uchun yangi mahsulotlar va imkoniyatlar

2026 yilning birinchi yarim yilligida Octobank mijozlar ehtiyojlaridan kelib chiqib, moliyaviy mahsulotlar va xizmatlar qatorini kengaytirdi.

Biznes uchun investitsiya maqsadlari, aylanma mablagʻlarni toʻldirish va transport vositalarini xarid qilishga moʻljallangan “Octo-Invest”, “Octo-Oborot” va “Octo-Avto” kredit mahsulotlari, jismoniy shaxslar uchun esa “Avtokredit 2.0” taqdim etildi.

Shuningdek, xalqaro pul oʻtkazmalari imkoniyatlari kengaytirilib, Kaspi.kz orqali Qozogʻistondan HUMO va UZCARD kartalariga, E9PAY orqali esa Janubiy Koreyadan HUMO va UZCARD kartalariga toʻgʻridan-toʻgʻri pul oʻtkazmalari yoʻlga qoʻyildi.

Korrespondent hisobvaraqlarini ochish

2026 yilning birinchi yarmida Octobank xalqaro korrespondentlik tarmogʻini yanada kengaytirib, quyidagi banklarda yangi korrespondent hisobvaraqlarini ochdi:

  • DBS Bank (Singapur) — AQSh dollari (USD) va Xitoy yuani (CNH);
  • ICBC London — Xitoy yuani (CNH);
  • Yes Bank (Hindiston) — Hindiston rupiyasi (INR);
  • Bank of Asia (Qirgʻiziston) — Qirgʻiz soʻmi (KGS);
  • Sohar International Bank (Ummon) — Ummon riali (OMR).

Xalqaro korrespondentlik tarmogʻini kengaytirish orqali Octobank xalqaro toʻlov xizmatlari sifatini izchil oshirib bormoqda. Bu esa mijozlarga xorijdagi hamkorlari bilan tezkor, qulay va ishonchli hisob-kitoblarni amalga oshirish imkonini beradi.

Xalqaro eʼtirof va yuqori baholar

2026 yilning birinchi yarim yilligida Octobank faoliyati qator nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlar tomonidan yuqori baholandi.

Global Banking & Finance Awards 2026 talqiniga koʻra, Octobank birdaniga ikki yoʻnalishda — “Best Digital Bank Uzbekistan 2026” va “Best Bank for Treasury Activities Uzbekistan 2026” nominatsiyalarida gʻolib deb topildi.

Ushbu eʼtiroflar bankning raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xalqaro moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish borasidagi faoliyatiga berilgan yuqori baho boʻldi.

Octobank mijozlarga yoʻnaltirilgan yechimlarni rivojlantirish, biznes oʻsishini qoʻllab-quvvatlash va raqamli moliyaviy ekotizimga qoʻshgan hissasi uchun Global Recognition Award 2026 mukofotiga ham sazovor boʻldi.

Mukofot uchun har yili dunyo boʻylab 15 mingga yaqin ariza kelib tushadi va ishtirokchilarning atigi 5,8 foizi eʼtirofga loyiq deb topiladi. Baholash natijalariga koʻra, Octobank eng yuqori — 5 ballni qoʻlga kiritib, “jahon darajasidagi” natijani qayd etdi.

Bankning texnologik rivojlanish yoʻlidagi faoliyati Banking Fusion Uzbekistan 2026 xalqaro forumi doirasida ham eʼtirof etildi. Octobank bank sektorida innovatsiyalarni rivojlantirish va raqamli transformatsiyani jadallashtirishga qoʻshgan hissasi uchun Strategic Banking Innovation 2026 mukofotiga sazovor boʻldi.

Shuningdek, “Axbor-Reyting” agentligi 2025 yil yakunlari boʻyicha Octobankning kredit reytingini “Barqaror” prognozi bilan “uzA++” darajasiga koʻtardi. Reyting bankning yuqori kreditga layoqatliligi, moliyaviy barqarorligi va oʻz majburiyatlarini oʻz vaqtida hamda toʻliq bajarish salohiyatini aks ettiradi.

Muloqot, hamkorlik va yangi gʻoyalar maydoni

Octobank uchun mijozlarga yaqin boʻlish nafaqat yangi mahsulotlarni yaratish, balki ular bilan bevosita muloqot qilish, zamonaviy tendensiyalarni kuzatish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va yangi gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlashni ham anglatadi.

2026 yilning birinchi yarim yilligida bank xalqaro biznes aloqalarini rivojlantirish, yangi hamkorliklarni yoʻlga qoʻyish va istiqbolli loyihalarni muhokama qilishga qaratilgan qator uchrashuv va tadbirlarda faol ishtirok etdi.

Xitoyning 14 ta yetakchi kompaniyasi vakillaridan iborat ShHT kompaniyalari delegatsiyasi va Oʻzbekiston ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi uchrashuvlar doirasida ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy va savdo aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan sakkizta yoʻnalish taqdim etildi. Octobank uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator memorandumlarni imzoladi.

16–18 iyun kunlari bank 102 mamlakatdan 9 mingdan ortiq ishtirokchini birlashtirgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etdi.

Forum doirasida Proparco, StoneX, Nuqi Wealth va Priorbank kabi xalqaro moliya institutlari va kompaniyalari bilan hamkorlik istiqbollari, moliya sektorini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilindi va tajriba almashildi.

Shu bilan birga, 2026 yilning birinchi yarmida Octobank vakillari qator nufuzli xalqaro moliyaviy forumlarda, jumladan, Tashkent International Investment Forum (TIIF), City Week (London) hamda Osiyo taraqqiyot banki (ADB) forumida ishtirok etib, bankni xalqaro hamkorlar oldida munosib namoyon qildi va uning global moliya bozoridagi mavqeini mustahkamlashga hissa qoʻshdi.

Oʻtkazilgan uchrashuvlar yakunlari boʻyicha bank StoneX Financial Ltd (London) bilan hamkorlik toʻgʻrisida bosh kelishuvni imzoladi hamda Euroclear tizimida kastodial hisobvaraq ochish boʻyicha ishlarni olib bormoqda. Shuningdek, Intesa Sanpaolo va Bendura Bank bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish tashabbusi boshlandi.

Shu bilan birga, Octobank 19–20 may kunlari oʻtkazilgan va mintaqaning eng yirik fintex platformalaridan biri hisoblangan PLUS Forum Digital Uzbekistan 2026 da titul homiy sifatida ishtirok etdi.

Bank 23–24 may kunlari Toshkentda boʻlib oʻtgan Oʻzbekistondagi birinchi shahar kriptofestivali — Bitcoin Pizza Fest, 20–22 mart kunlari “Navroʻz” etnoparkida 20 mingdan ortiq mehmonni birlashtirgan “Navroʻz — 3 karra mazaliroq!” festivali hamda 27–28 iyun kunlari poytaxt aholisini bir maydonda jamlagan Summer Fest 2026 yozgi festivalini qoʻllab-quvvatladi.

Octobank jamiyatning turli qatlamlariga yaqin boʻlish va ular bilan bevosita muloqotni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratdi.

8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bank Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda ayollarga 1 000 dona gul ulashib, ularni bayram bilan tabrikladi.

Bunday loyihalarda ishtirok etish Octobank uchun mijozlar va jamiyat bilan bevosita muloqot qilish, ularning ehtiyojlarini yaxshiroq tushunish hamda zamonaviy texnologiyalar va yangi imkoniyatlarni kundalik hayotga yanada yaqinlashtirish vositasidir.

Global Money Week doirasida esa bank maktab oʻquvchilariga moliyaviy savodxonlikning asosiy tamoyillari, mablagʻlarni oqilona jamgʻarish, investitsiya qilish va toʻgʻri sarflash boʻyicha bilimlar ulashdi.

Octobank — 25 yillik rivojlanish va yangi imkoniyatlar sari

2026 yilning birinchi yarim yilligida Octobank uchun eng muhim voqealardan biri bank tashkil etilganining 25 yilligi boʻldi. 23 iyun kuni Octobank oʻz faoliyatining chorak asrlik marrasini qarshi oldi. Ushbu muhim sana bankning koʻp yillik rivojlanish yoʻli, izchil oʻsishi va transformatsiyasini oʻzida aks ettiradi.

Chorak asr davomida Octobank moliyaviy institutdan mamlakat raqamli bank ekotizimining faol ishtirokchilaridan biriga aylandi. Bu yoʻlda bankning eng katta qadriyati va yutugʻi uning mijozlari, hamkorlari va jamoasi boʻlib qolmoqda.

Octobank oʻzining 25 yillik yubileyi munosabati bilan bank tarixidagi muhim sanani aks ettiruvchi maxsus kolleksion oltin esdalik tangalarni taqdim etdi. Ular bankning ishonchli hamkorlari va ommaviy axborot vositalari vakillariga esdalik sovgʻasi sifatida topshirildi.

Undan tashqari, Octobank ushbu muhim sanani anʼanaviy tantanali tadbirlar bilan emas, balki jamiyat uchun ahamiyatli tashabbus bilan nishonlashga qaror qildi.

SOS Oʻzbekiston Bolalar Mahallalari uyushmasi dasturlari ishtirokchilari, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar va yoshlar, shuningdek, yangi oilalarda tarbiyalanayotgan bolalar uchun Islom sivilizatsiyasi markaziga maʼrifiy va madaniy sayohat tashkil etildi.

Bundan tashqari, 1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan bolalar uyi tarbiyalanuvchilari uchun istirohat bogʻida bayram tashkil etildi.

Octobank uchun yosh avlodni qoʻllab-quvvatlash bir martalik xayriya tashabbusi emas, balki kelajak avlodning bilimli, sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishiga hissa qoʻshishga qaratilgan uzoq muddatli ijtimoiy masʼuliyatning muhim qismidir. Bank oʻz faoliyati orqali jamiyat taraqqiyoti, avvalo, inson kapitaliga kiritilgan investitsiyalardan boshlanishiga ishonadi.

Muqaddas Ramazon hayiti kunlarida Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bemorlari uchun xayriya tashabbusi amalga oshirildi. May oyida esa markazga zamonaviy elektrokardiograf va qon bosimini nazorat qilish tizimi topshirildi. Ushbu uskunalar shifokorlarga kichik bemorlarga yanada aniq tashxis qoʻyish va davolash samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, davolanayotgan bolalarning ruhiy holatini qoʻllab-quvvatlash va ularning ota-onalariga maʼnaviy dalda berish maqsadida 300 dona planshet sovgʻa qilindi.

Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan esa Octobank kundalik hayotda oʻz mehnati, matonati va shijoati bilan boshqalarga oʻrnak boʻlayotgan ayollarga bagʻishlangan maxsus ijtimoiy loyihani amalga oshirdi. Loyiha doirasida qahramonlarga kir yuvish mashinalari va esdalik sovgʻalari topshirildi, shuningdek, ularning mehnat faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan ayrim texnik muammolarni bartaraf etishga koʻmaklashildi.

Octobank uchun ijtimoiy loyihalar — bu nafaqat yordam koʻrsatish, balki insonlarning hayot sifatini yaxshilash, ularni qoʻllab-quvvatlash va jamiyatda ijobiy oʻzgarishlarni yaratishga qaratilgan uzoq muddatli yondashuvning ajralmas qismidir.

Barqaror rivojlanish va jamiyat oldidagi masʼuliyat

2026 yilda Octobank biznes natijalarini barqaror rivojlanish, ESG tamoyillari va jamiyat oldidagi masʼuliyat bilan uygʻunlashtirishga alohida eʼtibor qaratdi.

Bank uchun ESG — bu nafaqat strategik yoʻnalish, balki resurslardan masʼuliyatli foydalanish, atrof-muhitga taʼsirni kamaytirish va jamiyat uchun uzoq muddatli qiymat yaratishga qaratilgan amaliy yondashuvdir.

PLUS Forum Digital Uzbekistan 2026 doirasida Octobank ESG tamoyillariga muvofiq resurslardan samarali foydalanish amaliyotini davom ettirib, uchinchi bor mavjud koʻrgazma stendidan foydalandi. Mazkur yondashuv resurslardan oqilona foydalanish bilan bir qatorda, qoʻshimcha imkoniyatlarni jamiyat uchun muhim tashabbuslarga yoʻnaltirish imkonini yaratdi.

Octobank uchun moliyaviy savodxonlik nafaqat mablagʻlarni boshqarish, balki ustuvorliklarni toʻgʻri belgilashni ham anglatadi. Shu jihatdan, resurslardan masʼuliyatli foydalanish natijasida tejalgan mablagʻlarni jamiyat manfaatiga xizmat qiladigan loyihalarga yoʻnaltirish bankning ESG tamoyillariga sodiqligining amaliy ifodasidir.

2026 yilning birinchi yarim yilligida erishilgan natijalar Octobankning moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash, zamonaviy mahsulotlarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish va jamiyat uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan strategiyasini izchil amalga oshirayotganini koʻrsatadi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+