Naqdsiz hisob-kitoblarga oʻtish fonida uy-joy xaridlari rekord darajaga chiqdi
Mart oyida Oʻzbekistonda uy-joy oldi-sotdi bitimlari keskin oshib, 43,6 mingtaga yetdi. Bu fevral oyiga nisbatan 47 foizga, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan esa qariyb ikki barobarga koʻpdir. Toshkent shahrida ijara narxi oʻrtacha 8,9 dollarni, markaziy tumanlarda esa 11 dollarni tashkil etdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026-yil mart oyi yakunlari boʻyicha koʻchmas mulk bozoridagi asosiy tendensiyalarni tahlil qildi.
Tahlil natijalariga koʻra, mart oyida respublika boʻyicha 43,6 mingta uy-joy oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirilgan. Bu koʻrsatkich fevral oyiga nisbatan 13,9 mingtaga yoki 47 foizga, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan esa qariyb 2 barobarga oshgan.
Mutaxassislar bunday keskin oʻsishni aprel oyidan boshlab naqdsiz hisob-kitoblar tizimiga oʻtilishi bilan izohlamoqda. Mazkur oʻzgarish ayrim xaridorlarni uy-joy xaridini oldindan amalga oshirishga undagan boʻlishi mumkin.
Hududlar kesimida
Mart oyida barcha hududlarda uy-joy bozorida faollik oshgani kuzatildi. Eng yuqori oʻsish Jizzax (73%), Sirdaryo (65%) va Namangan (63%) viloyatlarida qayd etilgan.
Jami bitimlarning qariyb 34 foizi Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri keladi. Poytaxtda bir oy davomida savdo hajmi 44 foizga oshib, 12,8 mingga yaqin bitim tuzilgan.
Ikkilamchi bozor
Mart oyida uy-joy narxlari oylik hisobda 0,4 foizga, yillik hisobda esa 10 foizga oshgan. Eng katta oʻsish Sirdaryo (22%), Samarqand (19%) va Andijon (18%) viloyatlarida kuzatilgan.
Toshkent shahrida uy-joy bozori
Poytaxtda narxlar segmentlar kesimida turlicha shakllandi. Ikkilamchi bozorda oʻsish surʼati sekinlashgan boʻlsa, yangi uy-joylar segmentida narxlar ancha tez oʻsdi.

Yillik hisobda ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr narxi oʻrtacha 5 foizga oshgan. Eng yuqori oʻsish Mirobod (7,3%), Mirzo Ulugʻbek (7,2%) va Chilonzor (6,9%) tumanlarida qayd etilgan.
Yangi uylar bozorida esa oʻsish yanada yuqori boʻlib, oʻtgan yilning martiga nisbatan narxlar oʻrtacha 8,8 foizga oshgan. Eng yuqori koʻrsatkichlar Mirzo Ulugʻbek (15,5%), Mirobod (15%) va Yunusobod (14,6%) tumanlarida kuzatilgan.
Poytaxtda ijara bozori
Mart oyida Toshkent shahrida ijara narxi oʻrtacha har kvadrat metr uchun 8,9 dollarni tashkil etdi. Bu fevral oyiga nisbatan 2,7 foizga, oʻtgan yilga nisbatan esa 10,8 foizga yuqori.

Eng yuqori ijara narxlari Mirobod, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo Ulugʻbek tumanlarida saqlanib qolmoqda — ushbu hududlarda oʻrtacha narx 11 dollar atrofida.
Yillik oʻsish surʼati boʻyicha yetakchilik Yashnobod tumaniga toʻgʻri kelib, bu yerda ijara narxlari 18,9 foizga oshgan. Shuningdek, Mirzo Ulugʻbek (14,3%) va Yakkasaroy (12,5%) tumanlarida ham sezilarli oʻsish qayd etilgan.









