Murod Nazarov va AVO Bank mikromoliya sektoriga kirdi
Markaziy bank mikromoliya tashkilotlari reyestriga yana uchta kompaniyani kiritdi.

Markaziy bank yana uchta mikromoliya tashkilotini roʻyxatdan oʻtkazdi. Bu haqda regulyatorning matbuot xizmati xabar berdi.
Markaziy bank boshqaruvining 156-, 157- va 158-sonli qarorlariga muvofiq, mikromoliya tashkilotlari reyestriga ADL Moliya, Prizma Kapital va Avo Finance kompaniyalari kiritildi. Ochiq maʼlumotlariga koʻra, ushbu uchala kompaniya ham joriy yilning oktabr oyida tashkil etilgan.
ADL Moliya kompaniyasining ustav fondi 2,5 mlrd soʻmni tashkil etadi. Kompaniya moliyaviy lizing sohasida faoliyat yuritadi. Uning yagona taʼsischisi Murodjon Tohirjonovich Nazarov boʻlib, u Murad Buildings, NRG hamda qator qurilish va arxitektura kompaniyalaridagi ulushlarga egalik qiladi.
Prizma Kapital ham oktabr oyida Qoʻqon shahrida tashkil etilgan. Kompaniya "kreditlashning boshqa turlari" yoʻnalishida faoliyat olib boradi. 52 mlrd soʻmlik ustav kapitali teng ulushlarda shakllangan boʻlib, taʼsischilar — Nurafshon metan Savdo asoschisi Mahmud Ahmedov va Nozimjon Jabborov hisoblanadi.
Avo Finance esa AVO.uz bank xoldingining shoʻba korxonasi hisoblanadi. Ushbu xolding tarkibiga 2023 yilda xususiylashtirilgan AVO bank ham kiradi. Holding Ruslan Adilbayev va Fonte Hedge Fund OEIC’ga teng ulushlarda tegishli.









