Moldova Milliy banki sobiq rahbari SQB kengashi raisi etib tasdiqlandi
Serjiu Choklya “Oʻzsanoatqurilishbank” kengashi raisi etib tasdiqlandi. U avval Fransiyaning BNP Paribas bank guruhida rahbarlik lavozimlarida ishlagan, 2016–2018 yillarda esa Moldova Milliy bankini boshqargan.

“Oʻzsanoatqurilishbank” kengashining mustaqil aʼzosi Serjiu Choklya bank kengashi raisi etib tasdiqlandi. Bu haqda bankning 15 oktabrdagi kengash yigʻilishi bayonnomasidan koʻchirmada maʼlum qilingan.
Yigʻilishda kengashning 11 nafar aʼzosi ishtirok etgan. Choklya oʻz nomzodi boʻyicha ovoz berishda qatnashmagan, qolgan 10 nafar aʼzo esa uni bir ovozdan maʼqullagan.
Choklya BNP Paribas guruhida iqtisodiy tahlil va korporativ moliya yoʻnalishlarida ishlagan. 2000–2007 yillarda Parijda Markaziy va Sharqiy Yevropa boʻyicha korporativ moliya boʻlinmasida rahbarlik lavozimlarini egallagan. 2008–2015 yillarda Moskvada korporativ moliya departamentini boshqargan. Uning tajribasi kompaniyalarni sotib olish va birlashtirish, xususiylashtirish hamda kapital bozori bilan ishlashni qamrab oladi.
2016 yil aprelda Moldova Milliy banki rahbari sifatida ish boshlagan va 2018 yil noyabr oxirigacha shu lavozimda faoliyat yuritgan. Uning rahbarlik davri mamlakat bank tizimida mulkchilik shaffofligi va nazoratni kuchaytirishga qaratilgan islohotlarga toʻgʻri kelgan.
U Moldova Iqtisodiy bilimlar akademiyasi hamda Parijdagi Panteon–Assas universitetida tahsil olgan. Rumin, fransuz, ingliz va rus tillarini biladi.









