Moʻgʻulistonning Bogd Bank’i Oʻzbekiston mikroqarz bozoriga kirmoqchi
Moʻgʻulistonning Bogd Bank banki Oʻzbekiston va Qozogʻistonda raqamli mikroqarz xizmatlarini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini oʻrganmoqda. Bankning bosh kompaniyasi AQSh fond bozoridagi IPO orqali 37,5 mln dollargacha mablagʻ jalb qilishni rejalashtirgan boʻlib, tushumning bir qismini Markaziy Osiyoda kreditlash faoliyatini kengaytirishga yoʻnaltirmoqchi.

Moʻgʻulistonning Bogd Bank banki Oʻzbekiston mikroqarz bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bankning bosh kompaniyasi Bogd FT Limited tomonidan AQSh Qimmatli qogʻozlar va birjalar komissiyasiga (SEC) 6 noyabr kuni taqdim etilgan IPO prospektining yangilangan versiyasida maʼlum qilindi.
Hujjatga koʻra, kompaniya xalqaro faoliyatini kengaytirish uchun dastlab Markaziy Osiyo bozorlarini oʻrganmoqda. Xususan, Oʻzbekiston va Qozogʻiston raqamli kreditlash xizmatlarini rivojlantirish uchun istiqbolli mamlakatlar sifatida belgilangan.
Bogd Bank ushbu bozorlarda anʼanaviy bank filiallarini tashkil etmasdan, mikroqarzlar va raqamli isteʼmol kreditlarini taklif qilish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Reja kredit arizalarini onlayn qabul qilish, avtomatlashtirilgan skoring tizimlarini yaratish va mahalliy hamkorlar orqali xizmatlarni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston va Qozogʻistonda moliyaviy xizmatlardan foydalanish darajasi hamda raqamli kreditlarga talabning oʻsishi ushbu bozorlarga kirish uchun imkoniyat yaratishi mumkin.
Biroq bank hozircha Moʻgʻulistondan tashqarida faoliyat yuritmaydi. Xalqaro kengayish tegishli davlatlarning tartibga soluvchi organlari ruxsatiga, bozor sharoitlariga va kompaniyaning moliyaviy imkoniyatlariga bogʻliq.
AQSh fond bozoridan 37,5 mln dollargacha jalb qilmoqchi
Bogd Bank’ning bosh kompaniyasi Bogd FT Limited AQShning NYSE American birjasida aksiyalarini ommaviy joylashtirishga tayyorlanmoqda.
Kompaniya IPO doirasida 6,25 mln dona aksiyani har birini 4–6 dollardan taklif qilishni rejalashtirgan. Shu tariqa, joylashtirishning yalpi hajmi 25 mln dollardan 37,5 mln dollargacha yetishi mumkin.
Aksiyalar uchun BOGD savdo belgisi tanlangan. Biroq birjada listingdan oʻtish boʻyicha ariza hali tasdiqlanmagan va IPO’ning yakunlanishi kafolatlanmagan.
Prospektga koʻra, aksiyalar eng past narxda joylashtirilgan taqdirda, kompaniya xarajatlar chegirilgach taxminan 21,7 mln dollar sof tushum olishi kutilmoqda.
Ushbu mablagʻning 70 foizi yoki 15,2 mln dollari Moʻgʻuliston va Markaziy Osiyodagi kreditlash faoliyatini kengaytirishga yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan. Kompaniya uning salmoqli qismini aynan Oʻzbekiston va Qozogʻistonda mikroqarz hamda raqamli kreditlash xizmatlarini rivojlantirishga sarflash niyatida.
Qolgan mablagʻning 20 foizi yoki 4,3 mln dollari texnologik infratuzilmaga, 10 foizi yoki 2,2 mln dollari esa yangi savdo kanallari va xizmatlarni kengaytirishga ajratilishi koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston bozoriga kiritilishi mumkin boʻlgan investitsiyaning aniq miqdori ochiqlanmagan.
Bogd Bank qanday bank?
Bogd Bank 2014 yilda Moʻgʻulistonda tashkil etilgan boʻlib, jismoniy shaxslar va korporativ mijozlarga bank xizmatlarini koʻrsatadi. Bankning asosiy yoʻnalishlari isteʼmol kreditlari, kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirish, depozitlar va raqamli toʻlov xizmatlaridan iborat.
2026 yil 30 iyun holatiga bankning jami aktivlari 1,39 trln moʻgʻul tugrigini yoki taxminan 390 mln dollarni tashkil etgan. Mijozlarga ajratilgan kreditlarning balans qiymati esa 187,2 mln dollarga yetgan.
Bank 2025 yilni 50,1 mlrd tugrik sof foyda bilan yakunlagan. 2026 yilning birinchi yarmida esa 21,24 mlrd tugrik yoki qariyb 5,9 mln dollar sof foyda olgan.
Iyun oyi yakunida Bogd Bank Moʻgʻulistonda 17 ta filial va 8 ta bankomatga ega boʻlgan.
Bank 2017 yilda mijozlarni masofadan turib roʻyxatdan oʻtkazishni yoʻlga qoʻyganini bildiradi. Hozirda uning raqamli platformalari orqali hisobvaraqlarni boshqarish, depozit ochish, toʻlovlarni amalga oshirish va ayrim kredit mahsulotlariga ariza topshirish mumkin.
Kompaniya xalqaro bozorlarda ham aynan ushbu raqamli bank xizmatlari tajribasidan foydalanishni koʻzlamoqda.
Avvalroq Pinkod Beeline Uzbekistan’ning bosh kompaniyasi VEON ham Oʻzbekistonda yangi bank tashkil etish yoki mavjud banklardan birini sotib olish imkoniyatlarini koʻrib chiqayotgani haqida xabar bergan edi.
Kompaniya mamlakatda Beepul toʻlov xizmati negizida bank xizmatlarini yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda.









