MobiUz’ni sotib olishga 15 dan ortiq kompaniyalar qiziqish bildirmoqda
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi maʼlum qilishicha, MobiUz’ni sotib olish boʻyicha AQSh, Yevropa, Yaqin Sharq, Kavkazorti, Sharqiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda mahalliy kompaniyalardan 15 dan ortiq ariza kelib tushgan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Universal Mobile Systems (MobiUz) mobil operatorini xususiylashtirish jarayoni haqida hisobot berdi.
Joriy yil iyun oyida boshlangan ochiq savdo jarayonida strategik va moliyaviy konsultantlar — Rothschild & Co. va KPMG ikki oy ichida 100 dan ortiq potensial investorlar bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Belgilangan muddatga qadar AQSh, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlari, Kavkazorti, Sharqiy va Markaziy Osiyo hududlaridan hamda mahalliy kompaniyalardan jami 15 ta ariza kelib tushdi.
Arizalar moliyaviy imkoniyatlar, AQSh, Yevropa Ittifoqi va xalqaro tashkilotlar sanksiyalar roʻyxatlarida yoʻqligi kabi mezonlarga koʻra koʻrib chiqildi. Konsultantlar barcha nomzodlarni navbatdagi bosqich — majburiyatga ega boʻlmagan takliflar (NBO) taqdim etish jarayoniga oʻtkazishni tavsiya etdi.
Keyingi bosqichda ishtirokchilar bilan maxfiylik toʻgʻrisida kelishuv imzolanadi va ularga aktiv boʻyicha axborot memorandumi hamda boshqa hujjatlar taqdim etiladi. Konsultantlar NBO bosqichida qatnashish tartibi haqida batafsil maʼlumotni jarayon xatlari orqali yetkazadi.
Majburiyatga ega boʻlmagan takliflar 2025-yil 15-oktabr soat 23:59 (Toshkent vaqti)ga qadar qabul qilinadi. Shu bilan birga, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi raqobatni oshirish maqsadida qiziqish bildirish arizalarini qabul qilishni davom ettiradi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun:
- oleg.pushkarev@rothschildandco.com
- fara.babaev@rothschildandco.com
- ssandykbayeva@kpmg.com
- sh.oxunov@davaktiv.uz
Mobiuz haqida
Universal Mobile Systems – Mobiuz brendi ostida GSM, UMTS va 4G LTE texnologiyalarida mobil aloqa va mobil internet xizmatlarini koʻrsatadi. 2024 yilda kompaniyaning sof tushumi 2,086 trillion soʻmni tashkil etgan, abonentlar soni esa 7,8 million nafarga yetgan.
UMS dastlab Oʻzbekiston hukumati va Rossiyaning MTS kompaniyasi oʻrtasidagi kelishuv asosida tashkil etilgan. 2016 yilda MTS oʻz ulushini sotgan. 2018 yildan kompaniya Raqamli ishonch jamgʻarmasiga tegishli boʻlgan. Jamgʻarma 2021 yilda tugatilgach, UMS kompaniyasining egalik huquqi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga oʻtgan.
2025 yil 9 iyun kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Universal Mobile Systems (Mobiuz) kompaniyasi ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayonini boshlaganini maʼlum qildi.
Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston Mobiuz mobil aloqa operatorini 300 mln dollarga sotishni rejalashtirmoqda. Bloomberg manbalarining maʼlum qilishicha, jarayonga Yaqin Sharq va Yevropadan investorlar jalb qilinishi mumkin.