Mobiuz’dagi 100 foizlik davlat ulushini xususiylashtirish boshlandi
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Mobiuz mobil operatoridagi 100 foizlik davlat ulushini xususiylashtirish boʻyicha ochiq savdo jarayonini boshlaganini eʼlon qildi. Jarayon uch bosqichda oʻtkaziladi, unda “Rothschild& Co” yetakchi strategik va moliyaviy maslahatchi sifatida ishtirok etadi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Universal Mobile Systems (Mobiuz) kompaniyasining ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayonini boshlanganini maʼlum qildi.
Bitim boʻyicha yetakchi strategik va moliyaviy maslahatchi sifatida “Rothschild& Co” investitsiya banki jalb etilgan. Moliyaviy maslahatchi hamda moliyaviy, soliq va yuridik ekspertizani (“vendor due diligence”) oʻtkazish boʻyicha KPMG kompaniyasi, aktivni mustaqil baholovchi sifatida esa Deloitte kompaniyasi ishtirok etmoqda.
Ushbu jarayon xalqaro ochiq savdo shaklida tashkil etiladi va unda mahalliy hamda xorijiy investorlar teng huquqli asosda ishtirok etishlari mumkin.
Xususiylashtirish jarayoni uch bosqichda amalga oshiriladi: birinchi bosqichda investorlar tomonidan aktivni sotib olishga qiziqish bildirish (Expression of Interest), ikkinchi bosqichda majburiy boʻlmagan takliflar (Non-Binding Offer – NBO), va uchinchi bosqichda esa majburiy takliflar (Binding Offer – BO) qabul qilinadi.
Birinchi bosqichda talabgorlar ariza bilan bir qatorda quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari kerak:
- Roʻyxatdan oʻtganlik sertifikati
- Kompaniya faoliyat yoʻnalishi
- Ustav kapitalida 5 foizdan ortiq ulushga ega boʻlgan aksiyadorlar
- Yakuniy benefitsiarlar haqida maʼlumot
- Soʻnggi uch yilga oid moliyaviy hisobotlar
Arizalar moliyaviy imkoniyatlar, qonuniy cheklovlarning mavjud emasligi va Oʻzbekistonning jinoiy faoliyatdan tushgan daromadlarni legallashtirishga qarshi qonunlariga muvofiqlik mezonlari asosida koʻrib chiqiladi.
Shuningdek, talabgorlar va ularning aksiyadorlari davlat kompaniyalari boʻlmasligi, Yevropa Ittifoqi, AQSh yoki xalqaro moliyaviy institutlar tomonidan sanksiyalar roʻyxatiga kiritilmagan boʻlishi, hamda sanksiyalarga qarshi faoliyatlarda ishtirok etmagan boʻlishi lozim.
Arizalar 2025 yil 1 avgust kuni soat 18:00 gacha oʻzbek, rus yoki ingliz tillarida quyidagi elektron manzillarga yuborilishi kerak: oleg.pushkarev@rothschildandco.com, fara.babayev@rothschildandco.com va ssandykbayeva@kpmg.com. Birinchi bosqich yakunlangach, keyingi bosqichga oʻtgan talabgorlar roʻyxati shakllantiriladi va ular individual tartibda xabardor qilinadi.
Mobiuz haqida
Universal Mobile Systems – Mobiuz brendi ostida GSM, UMTS va 4G LTE texnologiyalarida mobil aloqa va mobil internet xizmatlarini koʻrsatadi. 2024 yilda kompaniyaning sof tushumi 2,086 trillion soʻmni tashkil etgan, abonentlar soni esa 7,8 million nafarga yetgan.
UMS dastlab Oʻzbekiston hukumati va Rossiyaning MTS kompaniyasi oʻrtasidagi kelishuv asosida tashkil etilgan. 2016 yilda MTS oʻz ulushini sotgan. 2018 yildan kompaniya Raqamli ishonch jamgʻarmasiga tegishli boʻlgan. Jamgʻarma 2021 yilda tugatilgach, UMS kompaniyasining egalik huquqi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga oʻtgan.