12 169.410 so‘m

increase

36.930

14 359.900 so‘m

decrease

-0.100

158.950 so‘m

decrease

-0.140

12 169.410 so‘m

increase

36.930

9 soat avval
Texnologiya
48

Mark Sukerberg ijtimoiy tarmoqlardagi majburiy qaramlikka oid shov-shuvli sud ishida koʻrsatma berdi

AQShning Los-Anjeles shahrida ijtimoiy tarmoqlarning voyaga yetmaganlarga taʼsiri boʻyicha davom etayotgan shov-shuvli sud jarayonida Mark Sukerberg guvohlik berdi. Daʼvo arizasida Meta platformalari (Instagram) bolalarni texnologiyaga qaram qilib, ularning ruhiy salomatligiga zarar yetkazgani aytilmoqda

Mark Sukerberg ijtimoiy tarmoqlardagi majburiy qaramlikka oid shov-shuvli sud ishida koʻrsatma berdi
Foto: AI/Pinkod.uz

AQShning Los-Anjeles shahrida Pinkod avval xabar bergan yirik sud jarayoni davom etmoqda. 19 fevral kuni ish doirasida Mark Sukerberg sudda guvohlik berdi.

Uning koʻrsatmalari ijtimoiy tarmoqlarga qarshi misli koʻrilmagan sud ishining bir qismi boʻlib, unda Meta platformalari voyaga yetmagan foydalanuvchilarni ataylab qaram qilib, ularga ruhiy zarar yetkazganmi-yoʻqmi degan masala koʻrilmoqda.

Daʼvo nimaga asoslangan?

Ish boʻyicha Meta va YouTube javobgar sifatida qolmoqda. Daʼvo arizasi hozir 20 yoshda boʻlgan qiz tomonidan kiritilgan. U bolaligidan ijtimoiy tarmoqlardan muntazam foydalanish uni texnologiyaga qaram qilib qoʻyganini, natijada depressiya va oʻz joniga qasd qilish fikrlari kuchayganini taʼkidlamoqda.

Kompaniya vakillari esa daʼvogarning ruhiy holati Instagram bilan emas, balki uning shaxsiy hayotidagi omillar bilan bogʻliq ekanini bildirdi.

Sukerberg nima dedi?

Sukerberg ayblovlarni rad etib, kompaniya ojiz foydalanuvchilardan manfaat koʻrish maqsadida foydalanmasligini, aksincha auditoriyaga foyda keltirishga intilishini maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra:

  • Meta 13 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun platformalarga kirishni taqiqlaydi;
  • yoshni aniqlash mexanizmlarini takomillashtirish ustida ish olib borilmoqda;
  • kompaniyada endilikda “foydalanuvchilarning ilovalarda oʻtkazadigan vaqti” boʻyicha ichki maqsadlar yoʻq.

Sukerberg, shuningdek, Instagram’dagi goʻzallik filtrlari va “layk”lar soni masalasiga ham toʻxtaldi. U filtrlarni saqlab qolish qarorini soʻz erkinligi va oʻzini ifoda etish erkinligini himoya qilish bilan izohladi.

Mazkur ish boshida TikTok va Snapchat ham javobgar sifatida jalb qilingan edi. Biroq, bu ikki platforma nizoni suddan tashqari kelishuv orqali hal qilgan.

Sud jarayoni davom etmoqda va uning natijalari ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga nisbatan global yondashuvga taʼsir qilishi mumkin.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+