Mahmud Usmon IMAN bayonotiga eʼtiroz bildirib, qoʻshimcha maʼlumotlarni ochiqladi
Mahmud Usmon Mercedes sotilgani va Rustam Rahmatovning bosh direktorlikdan ketishi bilan IMANdagi muammolar hal boʻlmasligini aytdi.
Olim investorlar pulini boshqaruv kompaniyasi xarajatlariga sarflashni “gʻasb”, yaʼni pulni bosib olish deb baholadi va mablagʻ qaytarilsa ham, undan foydalanilgan davrdagi foyda masalasi ochiq qolishini taʼkidladi.
U 20 mln dollarlik kamomad haqidagi daʼvosini tasdiqlovchi ichki hujjatlarni kompaniya rozilik bersa, ochiqlashga tayyorligini bildirdi.

IFCB kengashi aʼzosi Mahmud Usmon IMANning rasmiy bayonotiga munosabat bildirib, avtomobil xaridi, boshqaruv kompaniyasiga oʻtkazilgan mablagʻlar va muammoli qarzlarga oid eʼtirozlarini batafsil tushuntirdi.
Olimning aytishicha, kengash dastlab oʻz vazifasini bajargan deb hisoblab, kompaniya haqida boshqa chiqish qilmoqchi boʻlmagan. Qoʻshimcha hujjatlarni tarqatmaslik haqidagi iltimosdan keyin ularni eʼlon qilish ham toʻxtatilgan.
Mahmud Usmon kompaniyaning keyingi bayonotlari va unga aloqador shaxslarning chiqishlaridan soʻng ayrim masalalarga yana izoh berishga qaror qilganini bildirdi. U muhokama investorlar mablagʻining boshqarilishi va sharʼiy talablarga rioya etilishi atrofida qolishi kerakligini taʼkidladi.
Mercedes uchun yangi MChJga pul oʻtkazilgan
Mahmud Usmon avtomobil masalasidagi eʼtirozi yangi MChJ tashkil qilinib, investorlar mablagʻi shu kompaniyaga oʻtkazilgani va rahbar foydalanishi uchun mashina xarid qilinganiga qaratilganini aytdi.
Avval eʼlon qilingan taftish komissiyasi qarorida 10 aprel kuni kommandit shirkat hisobidan “FOUNDERS TRUST 1” MChJga 128 ming dollar ekvivalentida mablagʻ oʻtkazilgani qayd etilgan. Toʻlovga asos boʻlgan konsorsium shartnomasi bir kun oldin imzolangan. MChJning taʼsischisi va rahbari IMAN xodimi boʻlgan.
Olimning daʼvosiga koʻra, avtomobil olinganidan keyin bir necha oy foydalanilgan, ammo oʻsha davrda Rahmatov bilan tegishli savdo yoki boʻlib toʻlash shartnomasi rasmiylashtirilmagan. U bunday shartnoma mavjud boʻlgan boʻlsa, uni taqdim etishni soʻradi.
Mahmud Usmon kompaniya oʻsha paytda IFCB bilan hamkorlik qilganini eslatdi. Uning aytishicha, kelishuvga koʻra, bunday hujjatlar avval kengashga taqdim etilib, koʻrib chiqilishi va tasdiqlanishi kerak boʻlgan. Olim yangi MChJ orqali avtomobil olish rejasi ularga oldindan aytilmaganini bildirdi.
Mahmud Usmon avtomobilni sotish talabi ham darhol bajarilmaganini daʼvo qildi. Uning aytishicha, bu masalada bir oyga yaqin tortishuv boʻlgan. Davlat idoralari va jamoatchilikka murojaat qilish haqida ogohlantirilganidan keyingina mashina sotilgan.
IMAN avtomobil 12 avgustda sotilgani, xarid mablagʻi va foydalanilgan davr uchun ijara toʻlovlari fondga qaytarilganini maʼlum qilgan.
Olim avtomobillar boshqaruvdagi muammolarga misol sifatida keltirilganini taʼkidladi. U investorlar mablagʻiga xonadon va 3-4 ta boshqa mashinalar boʻyicha ham toʻlovlar amalga oshirilmagan holatlar borligini daʼvo qildi.
Mudoraba mablagʻini boshqaruv kompaniyasiga berish
Mahmud Usmon boshqaruv kompaniyasining fond oldidagi 2,97 mln dollarlik qarzini oddiy qarz munosabati sifatida izohlashga ham eʼtiroz bildirdi.
Uning aytishicha, investorlar mablagʻni savdo orqali daromad olish uchun topshirgan. Bu pullar boshqaruv kompaniyasining ish haqi, ijara va boshqa xarajatlariga yoʻnaltirilgan. Olim bunday foydalanishni fiqhiy jihatdan “gʻasb” yaʼni pulni bosib olish deb baholadi.
Islomshunos 2,97 mln dollar oʻtkazilgan barcha mablagʻlar hajmi emas, qaytarilmay qolgan qoldiq ekanini ham taʼkidladi. Uning daʼvosiga koʻra, bunday oʻtkazmalar muntazam amalga oshirilgan va IFCB ulardan xabardor qilinmagan.
AAOIFIning mudorabaga oid 13-son standarti 9/6-bandida boshqaruvchi mudoraba mablagʻlaridan qarz, hadya yoki xayriya berishi mumkin emasligi belgilangan. 9/4-bandda esa boshqaruvchi odatda oʻzi bajarishi lozim boʻlgan vazifalarni boshqa shaxsga topshirsa, uning haqini oʻz mablagʻidan toʻlashi koʻrsatilgan. Odatda uning vazifasiga kirmaydigan ishlar uchun fond hisobidan bozor narxida xizmat olishga ruxsat berilgan.
IMAN fonddan boshqaruv kompaniyasiga qarz berish amaliyoti iyulda toʻxtatilganini maʼlum qilgan. Mavjud qarz xolding aksiyalari bilan kafolatlangani va noyabrdan boshlab olti oy ichida qaytarilishi aytilgan.
Mahmud Usmon mablagʻni qaytarishdan tashqari, undan boshqa maqsadda foydalanilgan davrda investorlar manfaatiga nima boʻlgani masalasini ham koʻtardi.
Mahmud Usmonning taʼkidlashicha, asosiy masala faqat mablagʻning qaytarilishi emas. U investorlar puli boshqaruv kompaniyasiga oʻtkazilib, boshqa maqsadlarda ishlatilgan davrda investorlarga qanday foyda kelgani haqida savol qoʻydi.
“Foydasi nima boʻldi bu yerda?” degan masalani koʻtargan olimning aytishicha, agar mablagʻ savdo yoki investitsiya uchun berilgan boʻlsa, uni boshqaruv kompaniyasining ish haqi, ijarasi va boshqa xarajatlariga sarflashdan investorlar qanday manfaat olgani tushuntirilishi kerak.
Uning fikricha, mablagʻni keyinchalik qaytarishning oʻzi avvalgi foydalanish davridagi masalani hal qilmaydi. Shu sababli kompaniya investorlar mablagʻidan foydalanilgan davrda qanday daromad olingani, bu daromad kimga tegishli boʻlgani va investorlar manfaati qanday himoya qilinganini ochiqlashi lozim.
Muammoli qarzlar notoʻgʻri hisoblanmoqda
Mahmud Usmon IMANning muammoli qarzlarni 300 kundan keyin hisobga olishini notoʻgʻri deb baholadi. Uning taʼkidlashicha, kompaniya NPLni banklar qoʻllaydigan mezonlardan boshqacha hisoblab, 90 kundan ortiq kechikkan qarzlarni alohida ochiqlamayapti.
Olim IMANning muammoli qarzlar boʻyicha oʻz koʻrsatkichini banklarniki bilan solishtirishiga eʼtiroz bildirdi.
Kompaniya bayonotida qarzlar 300 kundan keyin umidsiz deb baholanishi aytilgan. IMAN 90 kundan keyin ham qarzdorlar bilan ishlashni davom ettirishi va qarzlarni hisobdan chiqarmasligini izohlagan.
Markaziy bankning amaldagi 2696-son nizomi 14-bandida asosiy qarz yoki foizlar boʻyicha toʻlovlar 91–180 kun kechiksa, aktiv “qoniqarsiz” toifasiga kiritilishi belgilangan. Nizom boʻyicha “qoniqarsiz”, “shubhali” va “umidsiz” aktivlarning barchasi muammoli aktivlar hisoblanadi. Ularni muammoli deb tasniflash uchun qarz umuman qaytmaydigan holatga kelishini kutish talab etilmaydi.
IMAN esa oʻz holatini banklarnikidan yaxshiroq deb baholagan. Biroq kompaniya banklar qoʻllaydigan 90 kunlik mezonni qabul qilsa, muammoli qarzlar koʻrsatkichi ancha yuqori chiqishi mumkin.
IMAN maʼlumotlariga koʻra, 31 mayda NPL hajmi 58,79 mlrd soʻmni, portfeldagi ulushi 9,5 foizni tashkil etgan. 1 oktabrga kelib qarzlar 71,65 mlrd soʻmga yetgan, portfel oʻsishi hisobiga ularning ulushi 6,5 foizga tushgan.
Kompaniya 31,91 mlrd soʻmlik zaxirani hisobga olgach, qoplanmagan risk portfelning 3,5 foizini tashkil etishini bildirgan. Bayonotda bu boshqa moliya institutlaridagi 3,8 foizlik koʻrsatkichdan yaxshiroq deb baholangan.
Xalqaro valyuta jamgʻarmasining moliyaviy barqarorlik koʻrsatkichlariga oid qoʻllanmasida NPLning umumiy kreditlarga nisbati zaxiralar chegirilmasdan hisoblanadi. Zaxiralar bilan qoplanganlik darajasi alohida koʻrsatkich hisoblanadi.
Foyda taqsimotiga oid eʼtiroz
Mahmud Usmon muammoli qarzlarning oʻzi uning asosiy sharʼiy eʼtirozi emasligini aytdi. Olim qaytmasligi mumkin boʻlgan mablagʻlar foyda sifatida hisoblanib, avvalgi investorlarga taqsimlanganiga eʼtiroz bildirmoqda.
Uning daʼvosiga koʻra, bunday taqsimotning oqibati keyingi investorlar zimmasiga tushishi mumkin. Olim shu sababli qaysi mablagʻlar daromad deb tan olingani va ularning qanchasi amalda undirilganini tekshirish kerakligini taʼkidladi.
IMAN avval milliy buxgalteriya standartlari asosida murobaha daromadini savdo amalga oshirilgan oyda tan olganini bildirgan. Kompaniya iyuldan xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga oʻtganini maʼlum qilgan.
AAOIFIning 13-son standarti 8/8-bandi aktivlarni haqqoniy qiymatda baholash asosida foyda taqsimlashga ruxsat beradi. Bunda debitorlik qarzlari shubhali qarzlar uchun zaxira chegirilgan, undirilishi mumkin boʻlgan qiymatda baholanishi kerak. Oraliq taqsimlangan foyda yakuniy baholashda qayta hisob-kitob qilinadi.
Taqiy Usmoniy bilan hamkorlik haqidagi gaplar
Mahmud Usmon kompaniya rahbarining shayx Muhammad Taqiy Usmoniy bilan hamkorlik boshlangani haqidagi gaplariga ham eʼtiroz bildirdi.
Olimning aytishicha, kompaniya rahbari Rustam Rahmatov oʻz murojaatida hamkorlik endi rejalashtirilayotgani emas, allaqachon boshlangani aytilgan. U bu maʼlumotni tekshirish uchun shayxning nabirasi Abdulloh Usmoniy bilan bogʻlanganini bildirdi.
Mahmud Usmonning soʻzlariga koʻra, Abdulloh Usmoniy shayxning IMAN bilan hamkorligi yoʻqligini aytgan.
Muhammad Taqiy Usmoniy AAOIFI sharʼiy kengashi raisi hisoblanadi.
20 mln dollarlik daʼvo va ichki hujjatlar
Mahmud Usmon 20 mln dollarlik kamomad haqidagi gapni moliya mutaxassislari bergan maʼlumotlarga tayanib aytganini bildirdi.
Olim qoʻlidagi hujjatlarni ikki turga ajratdi. Uning aytishicha, IFCB va taftish komissiyasiga tegishli qarorlar, uchrashuv yozuvlari hamda boshqa materiallarni tarqatishga haqqi bor. Kompaniyaning ichki hujjatlarini esa uning roziligisiz ochiqlamayapti.
Mahmud Usmon IMAN qoʻlidagi ichki maʼlumotlarni eʼlon qilishga ochiq rozilik bersa, daʼvosiga asos boʻlgan hujjatlarni taqdim etishini aytdi.
U investorlar oldidagi majburiyatlar bilan ularni qoplashga xizmat qiladigan haqiqiy sof aktivlar hajmini ochiqlashni ham soʻradi. Olim kamomad haqidagi daʼvosini shu maʼlumotlar asosida tekshirish mumkinligini bildirdi.
IMAN rasmiy bayonotida 20 mln dollarlik zarar haqidagi daʼvoni asossiz deb atagan. Kompaniya muammoli qarzlar, boshqaruv kompaniyasining fond oldidagi majburiyatlari va kelajakda olinishi kutilayotgan savdo daromadlari haqidagi raqamlar keltirilganini taʼkidlagan.
Rahmatovning kuzatuv kengashida qolishi
Mahmud Usmon Rustam Rahmatovning ijro boshqaruvini topshirib, kuzatuv kengashida qolishiga ham munosabat bildirdi. Uning fikricha, kuzatuv kengashi aʼzoligi kompaniya boshqaruvidan toʻliq ketishni anglatmaydi.
Olim kengash rahbarlarni tayinlash va muhim qarorlarni qabul qilishda qatnashishini taʼkidladi.
Oʻzbekistonning “Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida”gi qonuni 40-moddasida kuzatuv kengashining vakolatlari ustav bilan belgilanishi koʻrsatilgan. Ustavda ijro organlarini tuzish, ularning vakolatini muddatidan oldin tugatish, ichki auditni tashkil etish va ayrim yirik bitimlar boʻyicha qaror qabul qilish kuzatuv kengashi vakolatiga kiritilishi mumkin.
Mahmud Usmon avvalroq kompaniya rahbarining boshqaruvdan toʻliq ketishi va boshqa eʼtirozlar bartaraf etilishi sharti bilan qoʻshimcha vaqt berish taklif qilinganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu shartlar boʻyicha rozilikka erishilmagan.
Olim bahsli raqamlarni tekshirish uchun kompaniya roziligi bilan hujjatlarni ochiqlash, mustaqil forenzik audit oʻtkazish yoki davlat idoralari orqali tekshirishni taklif qildi. IMAN esa tashqi sharʼiy audit natijalarini eʼlon qilishga vaʼda bergan.
IMAN Invest haqidagi avvalgi materiallar:
- 20 mln dollarlik kamomad daʼvosi, 128 ming dollarlik Mercedes va millionlab dollarlik qarzlar. IMAN Invest’da nimalar boʻlyapti?
- Rustam Rahmatov IMAN bosh direktorligidan ketadi, ammo kuzatuv kengashida qoladi
- Mercedes sotilgan, qarz qaytariladi. IMAN 20 mln dollarlik kamomad va boshqa eʼtirozlarga qanday javob berdi?









