Mahalliy maishiy texnika xaridi uchun 18 foizli kredit ajratish rejalashtirilmoqda
Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan muzlatkich, kir yuvish mashinasi, konditsioner va boshqa maishiy texnikalarni sotib olish uchun yangi moliyalashtirish mexanizmi tayyorlanmoqda. Mutasaddilarga ikki hafta ichida tijorat banklarini arzon resurs bilan taʼminlash boʻyicha taklif kiritish topshirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 9 noyabr kuni elektrotexnika sohasidagi tadbirkorlar va xorijiy investorlar bilan muloqotida mahalliy maishiy texnika savdosini isteʼmol kreditlari orqali ragʻbatlantirish masalasi koʻrib chiqildi.
Rejaga koʻra, banklar mamlakatda ishlab chiqarilgan maishiy texnika xaridi uchun aholiga yillik 18 foiz stavkada kredit ajratadi. Bu orqali oilalarning texnika sotib olish imkoniyatlarini kengaytirish va mahalliy korxonalar mahsulotlari savdosini oshirish koʻzda tutilmoqda.
Mazkur kreditlarni moliyalashtirish uchun tijorat banklariga arzon resurs joylashtirish rejalashtirilgan. Mutasaddilar ikki hafta ichida tegishli hisob-kitoblarni tayyorlab, bu boʻyicha aniq taklif kiritishi kerak.
Muloqotda ichki bozorda talab yuqori boʻlgan boshqa mahsulotlarni mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Jumladan, 2025 yilda Oʻzbekistonda 9 mingta bankomat xarid qilingani va 50 mln dollardan ortiq qiymatdagi qurilmalar import qilingani qayd etildi. Savdo va koʻngilochar majmualar hamda yangi uy-joy massivlari koʻpayishi bilan ularga ehtiyoj yanada ortishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan bankomatlarga talabni hisob-kitob qilish, texnologiya va investorlarni jalb etib, ularni mamlakatda ishlab chiqarish imkoniyatlarini oʻrganish topshirildi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatida energiya batareyalari va elektronika uchun yupqa mis folgasi, Jizzaxda elektromobillar uchun invertorlar hamda zaryadlash qurilmalari ishlab chiqarish imkoniyatlari mavjudligi bildirildi.
Namanganda suv nasoslari uchun energiya tejamkor elektr dvigatellar, Qoraqalpogʻistonda esa serverlar uchun uzluksiz elektr taʼminoti va sovitish tizimlari ishlab chiqarish istiqbollari qayd etildi.









