Kumush narxi 20 foizdan koʻproqqa pasayib ketdi
Savdolar davomida kumushning eng past narxi 90,1 dollarni tashkil etdi. Bu avvalgi rekord daraja – 121,67 dollarlik koʻrsatkichdan qariyb 22 foizga kam.
Oltin va kumush bozorlaridagi ushbu keskin ommaviy sotuvlar natijasida qimmatbaho metallar boʻyicha umumiy yoʻqotishlar hajmi taxminan 3,4 trln dollarga yetgan.

30 yanvar kuni jahon bozorlarida kumush narxi keskin pasaydi. Bir sutka ichida metall qiymati 21 foizdan koʻproqqa tushib ketdi.
Bu pasayish bir kun avval qayd etilgan tarixiy maksimum — bir unsiya uchun 121,67 dollarlik koʻrsatkichdan soʻng yuz berdi.
Savdolar davomida kumushning eng past narxi 90,1 dollarni tashkil etdi. Bu avvalgi rekord darajadan qariyb 22 foizga kam. Xabar tayyorlanayotgan paytda kumush bir unsiyasi 90,4 dollar atrofida savdo qilinmoqda.

Mutaxassislar keskin tushishni, avvalo, kuchli oʻsishdan keyingi ommaviy foyda qayd etish (profit-taking) bilan izohlamoqda. Kumush narxlari oʻsishi sekinlashgan paytda investorlar uni sotib foyda bilan bozordan chiqib ketishga moil boʻladi.
Avvalroq oltin narxi ham ketma-ket rekordlardan soʻng keskin pasaygani haqida xabar berilgandi. Xususan, qimmatbaho metall 5 ming dollarlik darajadan pastga tushib ketdi.
Soat 22:16 holatiga koʻra (Toshkent vaqti), oltin bir unsiyasi 4 914 dollardan savdo qilinmoqda. Kun davomida narxlar eng past nuqtada 4 895 dollargacha tushgan. Eslatib oʻtamiz, 29 yanvar kuni oltin narxi 5 500 dollardan ham oshgan edi.

Tahlillarga koʻra, oltin va kumush bozorlaridagi ushbu keskin pasayish natijasida qimmatbaho metallar boʻyicha umumiy yoʻqotishlar hajmi taxminan 3,4 trillion dollarga yetgan.









