“Kreditga taqiq” xizmatidan foydalanuvchilar soni 2,6 mlnga yaqinlashdi
2026 yil 1 iyul holatiga koʻra, oʻz nomiga kredit rasmiylashtirilishini vaqtincha cheklagan fuqarolar soni 2 mln 574 ming nafardan oshdi. Xizmatdan foydalanuvchilarning eng katta qismini 26–35 yoshdagilar tashkil etmoqda.

“KATM” kredit byurosi maʼlumotlariga koʻra, “Kreditga taqiq” xizmatiga ulangan jismoniy shaxslar soni bir yil ichida qariyb 78 barobar oshgan. 2025 yil 1 iyulda xizmatdan 33,1 ming kishi foydalangan boʻlsa, 2026 yil 1 iyulga kelib bu koʻrsatkich 2 mln 574 ming nafarga yetgan.
Foydalanuvchilar sonining eng keskin oʻsishi 2026 yilning birinchi choragida kuzatilgan. Joriy yil boshida xizmatga 438,3 ming fuqaro ulangan boʻlsa, 1 aprelga kelib ularning soni 2,2 mln nafardan oshgan. Ikkinchi chorak davomida esa yana 366,3 ming kishi xizmatni faollashtirgan — bu uch oyda 16,6 foizlik oʻsishni anglatadi.
Foydalanuvchilarning 58 foizi — erkaklar
Xizmatdan foydalanayotganlarning 1 mln 497 ming nafari yoki 58 foizi erkaklar hissasiga toʻgʻri keladi. Ayollar soni esa 1 mln 76 ming nafarni yoki jami foydalanuvchilarning 42 foizini tashkil qilgan.

Yosh toifalari boʻyicha eng katta ulush 26–35 yoshdagi fuqarolarga tegishli — 764,9 ming kishi yoki 30 foiz. Shuningdek:
- 26 yoshgacha boʻlganlar — 647,7 ming nafar yoki 25 foiz;
- 36–45 yoshdagilar — 609,7 ming nafar yoki 24 foiz;
- 46–55 yoshdagilar — 319,4 ming nafar yoki 12 foiz;
- 56 yoshdan kattalar — 232,4 ming nafar yoki 9 foiz.
“Kreditga taqiq” xizmati fuqaroning nomiga uning roziligisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishi bilan bogʻliq firibgarlik xavfini kamaytirishga moʻljallangan. Foydalanuvchi taqiqni mustaqil ravishda yoqishi va zarurat tugʻilganda olib tashlashi mumkin.
Xizmatni “KATM” mobil ilovasi va kredit byurosining shaxsiy kabineti, my.gov.uz portali hamda uning mobil ilovasi orqali onlayn faollashtirish mumkin. Shuningdek, Davlat xizmatlari markazlari yoki “KATM” kredit byurosiga shaxsan murojaat qilish imkoniyati mavjud.
Xizmatdan foydalanish bepul.









