Korea Development Bank KDB Bank Uzbekistan’ni sotishi mumkin — OAV
Janubiy Koreyaning davlatga qarashli Korea Development Bank’i Oʻzbekistondagi shoʻba banki — KDB Bank Uzbekistan’ni sotish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Potensial xaridorlar orasida Oʻzbekiston bozoriga kirishga tayyorlanayotgan Shinhan Bank va Hana Bank tilga olinmoqda. Biroq KDB hozircha sotuv boʻyicha aniq qaror qabul qilinmaganini bildirgan.

Korea Development Bank (KDB) xorijdagi biznes tarmogʻini optimallashtirish doirasida Oʻzbekistondagi shoʻba bankini sotish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Bu haqda Janubiy Koreyaning Maeil Business Newspaper nashri moliya sektoridagi manbalarga tayanib xabar berdi.
Nashrga koʻra, KDB hozir xorijda 7 ta shoʻba kompaniya, 12 ta filial va 6 ta vakolatxona — jami 25 ta tuzilmaga ega. Vetnamda ochilishi kutilayotgan Xanoy filiali bilan ularning soni 26 taga yetadi. Bank ayrim bozorlardagi faoliyatini qisqartirish, birlashtirish yoki aktivlarni sotish orqali xorijiy tarmoq samaradorligini oshirish variantlarini koʻrib chiqmoqda.
Oʻzbekiston sotilishi mumkin boʻlgan yoʻnalishlardan biri sifatida tilga olingan. Maeil Business Newspaper manbasining aytishicha, KDB xorijiy portfelini qayta koʻrib chiqish jarayonida Oʻzbekistondagi shoʻba bankini sotish variantini ham oʻrganmoqda.
Potensial xaridor sifatida, avvalo, Oʻzbekiston bozoriga kirishga tayyorlanayotgan Janubiy Koreya banklari koʻrilishi mumkin. Hozir Shinhan Bank Oʻzbekistonda mahalliy yuridik shaxs tashkil etishga, Hana Bank esa vakolatxona ochishga tayyorgarlik koʻrmoqda.
Investitsiya-bank sektori vakiliga koʻra, KDB Oʻzbekistondagi biznes boʻyicha Shinhan Bank va Hana Bank’ning qiziqishini ham oʻrgangan. Biroq bankning oʻzida aktivni sotishga qarshi fikrlar ham borligi qayd etilgan.
Korea Development Bank esa nashrga hozircha hech qanday aniq qaror qabul qilinmaganini bildirgan. Shu sababli KDB Bank Uzbekistan’ning sotilishi hozircha tasdiqlangan bitim emas, balki koʻrib chiqilayotgan variant hisoblanadi.
KDB Bank Uzbekistan’ning 86,32 foizi Koreya bankiga tegishli
KDB Bank Uzbekistan’ning nazorat paketi Korea Development Bank’ga tegishli. Bankning rasmiy maʼlumotlariga koʻra, KDB ustav kapitalining 86,32 foiziga egalik qiladi.
Yana 10,31 foiz Oʻzbekiston Milliy bankiga, 3,37 foiz Turonbankka tegishli. Korea Development Bank’ning oʻzi esa 100 foiz Janubiy Koreya hukumatiga qarashli.
Bank Oʻzbekistonda 1997 yilda UzDaewoo Bank nomi bilan tashkil etilgan. 2006 yilda Korea Development Bank kirib kelgach, u UzKDB Bank nomini olgan. Keyinchalik KDB RBS Uzbekistan’dagi nazorat paketini sotib oldi va 2013–2014 yillarda ikki tuzilma KDB Bank Uzbekistan nomi ostida birlashtirildi.
Shu tariqa, Korea Development Bank Oʻzbekiston bozorida qariyb 20 yildan beri asosiy investor sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
KDB’ning xorijdagi tarmogʻini qayta koʻrib chiqishi Janubiy Koreyada davlat tashkilotlari samaradorligini oshirish siyosati fonida amalga oshirilmoqda. Maeil Business Newspaper’ga koʻra, bank oʻsish imkoniyati cheklangan ayrim xorijiy tuzilmalarni qisqartirish yoki sotish, istiqbolli bozorlarda esa aksincha faoliyatini kengaytirishni koʻrib chiqmoqda.









