11 973.900 so‘m

increase

64.240

13 700.540 so‘m

increase

111.620

154.820 so‘m

increase

2.540

11 973.900 so‘m

increase

64.240

Yaqin 2 soat ichida
Iqtisodiyot
20

Koʻmir, propan, gaz va elektr: iyun oyida eng koʻp nimalar qimmatlashdi?

Oy davomida koʻmir narxi 2,1 barobarga oshdi, propan 11,3 foizga, tarmoq gazi 10,7 foizga, elektr energiyasi esa 9,6 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, metan va benzin narxlarida ham oʻsish kuzatildi. 

Natijada iyun oyida isteʼmol narxlari 0,6 foizga oshdi, yillik inflyatsiya esa may oyidagi 5,5 foizdan 6,4 foizgacha tezlashdi.

Koʻmir, propan, gaz va elektr: iyun oyida eng koʻp nimalar qimmatlashdi?
Foto: AI/Pinkod.uz

2026 yil iyun oyida Oʻzbekistonda isteʼmol narxlari oy davomida 0,6 foizga oshdi. Yillik inflyatsiya may oyidagi 5,5 foizdan 6,4 foizgacha tezlashdi. Oy davomida umumiy narxlar oʻsishiga asosan koʻmir, elektr energiyasi, tarmoq gazi va yoqilgʻi narxlarining qimmatlashishi taʼsir qildi.

Iyunda eng katta oʻsish koʻmir narxida kuzatildi. Ilgari aholiga tartibga solinadigan narxlarda sotilgan koʻmir 2,1 barobarga qimmatlashdi. Bu omilning oʻzi oylik inflyatsiyaga 0,48 foiz punkt taʼsir koʻrsatgan. Qoʻmita izohiga koʻra, 2026 yil iyunidan koʻmir ijtimoiy ahamiyatga ega strategik tovarlar roʻyxatidan chiqarilgan va uning narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilingan.

Kommunal tariflarda ham sezilarli oʻsish qayd etildi. Respublika boʻyicha oʻrtacha hisobda elektr energiyasi 9,6 foizga, tarmoq gazi esa 10,7 foizga qimmatlashdi. Elektr energiyasi oylik inflyatsiyaga 0,22 foiz punkt, tarmoq gazi esa 0,16 foiz punkt hissa qoʻshgan.

Yoqilgʻi narxlarida ham oʻsish kuchli boʻldi. Iyunda propan narxi 11,3 foizga, metan 8,8 foizga qimmatlashdi. Benzin narxlari esa oy davomida oʻrtacha 3,9 foizga oshdi. Xususan, AI-92 benzini 3,6 foizga, AI-95 6 foizga, AI-98 va AI-100 benzinlari 3,9 foizga qimmatlashgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari orasida ham ayrim tovarlar narxi oshdi. Guruch va guruch oqshogʻi 2,3 foizga, grechka va pasterizatsiya qilingan sut 1,2 foizga qimmatlashgan. Shakar, qoʻy goʻshti va suyaksiz mol goʻshti narxi 1 foizga oshdi. Tuxum 0,8 foizga, tirik va sovutilgan baliq narxlari esa oʻrtacha 0,7 foizga qimmatlashdi.

Meva-sabzavotlar orasida qimmatlashgan mahsulotlar ham bor. Jumladan, sabzi bir oyda 6,5 foizga, piyoz esa 3,6 foizga qimmatlashgan.

Shu bilan birga, iyun oyida mavsumiy omillar hisobiga meva-sabzavot mahsulotlarining katta qismi arzonlashdi. Eng katta pasayish baqlajon narxida kuzatildi — 46,6 foiz. Pomidor 38,3 foizga, bulgʻor qalampiri 31,4 foizga, tarvuz 26,3 foizga, bodring 25 foizga arzonlashdi.

Bundan tashqari, uzum 18,7 foizga, sarimsoqpiyoz 13,5 foizga, kartoshka 12,8 foizga arzonlagan. Karam narxi 5,6 foizga, banan 5,9 foizga, koʻkatlar esa 4,4 foizga pasaydi.

Transport xizmatlarida taksi narxlari 1,3 foizga oshgan. Biroq ayrim yoʻlovchi tashish xizmatlarida arzonlashuv ham qayd etildi. Jumladan, temir yoʻl chiptalari 0,3 foizga, aviaqatnovlar esa 0,6 foizga arzonlashdi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+