Kimlarga gaz va elektr energiyasi toʻlovlari boʻyicha kompensatsiya beriladi?
Joriy yil 1 maydan boshlab 2027 yil 1 aprelgacha ehtiyojmand oilalarga gaz va elektr energiyasi toʻlovlari boʻyicha kompensatsiya beriladi.

Prezident tomonidan imzolangan yangi qarorga binoan, 2025 yil 1 maydan boshlab 2027 yil 1 aprelgacha ehtiyojmand oilalarga gaz va elektr energiyasi toʻlovlari boʻyicha kompensatsiya beriladi. Bu kompensatsiya ilgari faqat qish mavsumida amal qilgan boʻlsa, endilikda yilning har oyida toʻlab boriladi.
Kompensatsiya quyidagi toifalarga kiruvchi oilalarga ajratiladi:
- Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalar. Bunday roʻyxatga, agar oilaning har bir aʼzosiga toʻgʻri keladigan oylik daromad 669 ming soʻmdan kam boʻlsa, kiritiladi.
- Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilganlar. Bunda oilaning oylik daromadi har bir aʼzoga taqsimlanganda 1 million 155 ming soʻmdan kam boʻlishi lozim.
- Shuningdek, reyestrga kirmagan, ammo mol-mulki kam va har bir aʼzoga toʻgʻri keladigan oylik daromadi 1 million soʻmdan kam boʻlgan oilalar ham ushbu imtiyozdan foydalanish huquqiga ega.
2025 yil mart holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 746 149 ta kam taʼminlangan oila roʻyxatga olingan.
Kompensatsiya miqdori quyidagicha belgilanadi:
- Elektr energiyasi uchun – bazaviy meʼyor boʻlgan 200 kVt soatdan ortiq ishlatilgan 150 kVt soatgacha boʻlgan qism uchun.
- Tabiiy gaz uchun – noyabrdan fevralgacha 500 kub metrdan ortiq ishlatilgan 250 kub metrgacha, boshqa oylar uchun esa 150 kub metrgacha boʻlgan ortiqcha isteʼmol qismiga.
Bunda, isteʼmolchi tomonidan toʻlanishi kerak boʻlgan ortiqcha toʻlovning bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi. Masalan, agar oila bir oyda 350 kVt elektr energiyasi ishlatsa, 200 kVt uchun oʻzi toʻlaydi, qolgan 150 kVt boʻyicha esa tariflar oʻrtasidagi farq miqdorida davlat toʻlovni kompensatsiya qiladi.