Kaspi.kz mustaqil direktori Xalq banki Kuzatuv kengashiga kirdi
Xalq banki Kuzatuv kengashining ikki aʼzosi muddatidan oldin tarkibdan chiqarilib, ularning oʻrniga Duglas Gardner va Sardor Xolmaxmadov mustaqil aʼzo sifatida saylandi. Gardner 2019 yildan beri Kaspi.kz direktorlar kengashida ishlaydi, Xolmaxmadov esa Xalq bankidagi saylovdan bir kun oldin Agrobank Kuzatuv kengashidan chiqarilgan edi.

Xalq banki Kuzatuv kengashi tarkibida oʻzgarish yuz berdi. Bank aksiyadorlarining 25 sentabrdagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilishida Nozimjon Xolmurodov va Rojer J. Tomsonning kengashdagi vakolatlari muddatidan oldin tugatildi.
Ularning oʻrniga Sardor Xolmaxmadov va Duglas Veyr Gardner uch yil muddatga mustaqil aʼzo sifatida saylandi. Har ikki nomzod oʻz vazifasini Markaziy bank bilan kelishilgandan keyin bajarishga kirishadi. Qarorni yigʻilishda qatnashgan aksiyadorlar bir ovozdan maʼqullagan.
Kaspi.kz direktorlar kengashidan Xalq bankiga
Duglas Gardner 2019 yildan buyon Qozogʻistonning Kaspi.kz kompaniyasi direktorlar kengashi aʼzosi. Kompaniyaning AQSh regulyatoriga taqdim etgan hisobotida u Nasdaq talablari boʻyicha mustaqil direktor sifatida qayd etilgan.

Gardner 2007 yildan CAIGAN Capital konsalting kompaniyasi asoschisi va bosh direktori sifatida faoliyat yuritadi. Bungacha u 2002–2006 yillarda Ernst & Young’ning Rossiya, Qozogʻiston va MDH boʻyicha boshqaruvchi hamkori, 2001–2002 yillarda esa Arthur Andersen’ning Markaziy Osiyo boʻyicha boshqaruvchi hamkori boʻlgan. Hozir u Kaspi.kz audit qoʻmitasiga ham raislik qiladi.
Kengashga kirgan ikkinchi yangi aʼzo — Sardor Xolmaxmadov Germaniyaning Helaba — Landesbank Hessen-Thüringen bankida strukturaviy savdo va eksport moliyasi boʻyicha boshqaruvchi direktor sifatida ishlaydi. U bungacha Agrobank Kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi edi.
Xolmaxmadovning Agrobankdagi vakolatlari 24 sentabr kuni muddatidan oldin tugatilgan, Xalq banki aksiyadorlari esa uni ertasi kuni 25 sentabrda oʻz Kuzatuv kengashiga saylagan.
Tarkibdan chiqarilgan Rojer J. Tomson Xalq banki Kuzatuv kengashi raisi oʻrinbosari boʻlib, Londondagi Akinn Group boshqaruvchi direktori sifatida faoliyat yuritgan. Nozimjon Xolmurodov esa Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori hisoblanadi.
Hujjatda ularning vakolatlari nima sababdan muddatidan oldin tugatilgani koʻrsatilmagan.
Davlat banklari kengashlari ketma-ket yangilanmoqda
Xalq bankidagi oʻzgarish soʻnggi haftalarda davlat banklari Kuzatuv kengashlarida kuzatilayotgan yangilanishlarning navbatdagisi boʻldi.
Pinkod avvalroq Turonbank Kuzatuv kengashining 9 aʼzosidan 6 nafari yoki 66,7 foizi almashtirilgani haqida yozgan edi. Yangi tarkibga PASHA Bank Georgia, Solidcore Resources va Incofin kabi xorijiy moliya va investitsiya tashkilotlarida ishlayotgan mutaxassislar kiritilgan. Bankning biznes-rejasida xususiylashtirishga tayyorgarlik doirasida mustaqil direktorlar sonini besh nafarga yetkazish belgilangan.
Deyarli shu vaqtda Agrobankda ham 9 kishilik Kuzatuv kengashining 6 aʼzosi yangilandi. Yangi tarkibga Gruziyaning sobiq bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili, Irina Seylanyan, Dimitri Shishlo va Tatyana Dogan mustaqil aʼzolar sifatida saylandi. Agrobankda mustaqil direktorlar soni toʻrt nafardan besh nafarga oshdi.
Shu tariqa, sentabr oxirining oʻzida Turonbank, Agrobank va Xalq banki Kuzatuv kengashlari tarkibiga oʻzgartirish kiritdi.









