12 758.360 so‘m

decrease

-19.760

14 820.110 so‘m

decrease

-111.120

163.340 so‘m

decrease

-0.670

12 758.360 so‘m

decrease

-19.760

09-iyul, 18:28
Iqtisodiyot

Jamiyat bosimi va “uyat” hissi: oʻzbekistonliklarni toʻy uchun ortiqcha xarajatga nima majbur qilmoqda?

Yuksalish harakati soʻrovnomasiga koʻra, aholining katta qismi toʻy uchun bir yillik daromadidan koʻproq xarajat qiladi. Ularni bunga undaydigan omillar qatorida jamiyat bosimi, “uyat” hissi, ota-onalarning orzu-havasi, yoshlar istagi va quda tomon talablari asosiy sabablar sifatida koʻrsatilgan.

Jamiyat bosimi va “uyat” hissi: oʻzbekistonliklarni toʻy uchun ortiqcha xarajatga nima majbur qilmoqda?
Foto: AI / Pinkod.uz

Oʻzbekistonda toʻy marosimlari koʻpchilik uchun katta hayotiy voqea boʻlishi barobarida, koʻpincha oilalar zimmasiga ogʻir moliyaviy yuk sifatida ham tushmoqda.

“Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan oʻtkazilgan soʻrov natijalari bu holatni chuqurroq anglashga yordam beradi.

Harakat soʻrovnomasida ishtirok etgan 1247 nafar fuqarolarning 81 foizi oyiga 5 million soʻmdan 12 million soʻmgacha daromad topishini bildirgan boʻlsa-da, ularning 65 foizdan ortigʻi toʻy uchun 50 milliondan 100 million soʻmgacha yoki undan ham koʻproq xarajat qilganini aytgan. 

Bu raqamlar toʻy marosimlari koʻplab oilalar uchun yillik daromaddan ham koʻproq xarajatni anglatishini koʻrsatadi.

Aholining katta qismi bu xarajatlarni oʻz daromadi hisobidan emas, balki tashqi yordam yoki qarz hisobiga qoplamoqda. Jumladan, respondentlarning 55,2 foizi toʻy xarajatlarini yaqinlar yordamida hal qilganini aytsa, 25,1 foizi bunga qarz olganini tan olgan. Atigi 14,1 foiz respondent daromadi toʻyga yetganini bildirgan. Bu esa, moliyaviy jihatdan beqarorlikka olib keladigan omillarni yuzaga chiqaradi.

Soʻrovda qatnashganlar toʻy xarajatlarining ortiqcha boʻlishiga bir nechta ijtimoiy-psixologik sabablarni koʻrsatgan. Eng koʻp qayd etilgan sabab — “jamiyat bosimi” boʻlib, 46,11 foiz respondent aynan el oldida toʻy qilish zaruriyatini xarajatlar ortishining asosiy sababi sifatida koʻrsatgan. “Uyat boʻlmasin”, “yuzimiz yerga qaramasin” kabi ijtimoiy stereotiplar toʻylarni jamiyatda oʻzini koʻrsatish vositasiga aylantirgan.

Bundan tashqari, 31,36 foiz ishtirokchi toʻyda yoshlarning orzu-havasini inobatga olish xarajatlarni oshirayotganini bildirgan. 29,03 foiz esa ota-onaning orzulari bu borada muhim omil ekanini aytgan. Ayniqsa, katta avlod vakillari oʻz farzandining toʻyini katta miqyosda oʻtkazishni burch, sharaf yoki nufuz belgisi sifatida qabul qilmoqda. Quda tomonning talablari ham muhim omil boʻlib, 16,6 foiz ishtirokchi aynan shu sabab xarajatlar oshganini tan olgan.

Qizigʻi shundaki, aksariyat odamlar hashamatli toʻyni ideal deb hisoblamaydi. 39,6 foiz ishtirokchi toʻy kamtarona, yaqinlar davrasida boʻlishi kerakligini bildirgan. Atigi 6,6 foizi hashamat tarafdori boʻlgan. 

Bundan tashqari, 44,5 foiz respondent toʻyga ortiqcha pul sarflaganidan afsusda ekanini bildirgan. Bu toʻy marosimlari koʻpincha ortiqcha stress, qarz va moliyaviy bosimga sabab boʻlayotganidan dalolat beradi.

Agar ularga tanlov berilsa, koʻpchilik toʻyga sarflanadigan mablagʻni boshqa, koʻproq foyda keltiruvchi yoʻnalishlarga sarflashni afzal bilgan boʻlar edi. Respondentlarning 38,9 foizi bu pullarni taʼlim olishga yoʻnaltirishni tanlagan boʻlsa, 34,5 foizi uy-joy xaridi, 30,4 foizi sogʻliqni tiklash, 30,8 foizi esa sayohatni tanlagan. Shuningdek, 27,7 foiz ishtirokchi toʻyga ketadigan mablagʻni biznes boshlash uchun ishlatishni istashini bildirgan.

Soʻrov natijalari toʻy madaniyatini isloh qilish boʻyicha ijtimoiy talab shakllanayotganini koʻrsatadi. Respondentlar toʻy oldi va keyingi marosimlarni qisqartirish, mehmonlar sonini kamaytirish, moliyaviy savodxonlikni oshirish boʻyicha targʻibot ishlarini kuchaytirish va maktab hamda oliy taʼlim muassasalarida moliyaviy savod boʻyicha darslar joriy etish kerakligini qoʻllab-quvvatlagan. Faqat 7 foiz odam “hech nima oʻzgarmasin” degan fikrda boʻlgan. Bu esa, jamiyatda oʻzgarishga boʻlgan ehtiyoj kuchayib borayotganini anglatadi.

Umumiy qilib aytganda, toʻy marosimlariga ortiqcha sarf-xarajatlar koʻplab oilalarni real moliyaviy imkoniyatlaridan chiqib ketishga majbur qilmoqda. Bunga jamiyat bosimi, ota-onalik majburiyatini oshirib koʻrsatish, yoshlar orzulari va qarindosh-urugʻ oldidagi ijtimoiy kutilmalar sabab boʻlmoqda. Soʻrov natijalari esa toʻylarni soddalashtirish, moliyaviy savodxonlikni oshirish va qadriyatlar tizimida yangi yondashuvlarga ehtiyoj borligini koʻrsatmoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+