12 968.380 so‘m

decrease

-4.930

14 343.030 so‘m

increase

14.010

152.370 so‘m

increase

1.180

12 968.380 so‘m

decrease

-4.930

4 kun avval
Iqtisodiyot

Jahon iqtisodiyoti inqiroz yoqasidami?

Trampning boj tariflari AQSh bozorlarida katta yoʻqotishlarga olib kelmoqda, moliya tizimi esa COVID-19 dan keyingi eng ogʻir shokni boshdan kechirmoqda. Iqtisodiy inqiroz yaqinmi? Barchasi bilan Pinkod.uz tahlilida tanishing.

Jahon iqtisodiyoti inqiroz yoqasidami?
Foto: AI / Pinkod.uz

Global moliya tizimi COVID-19 pandemiyasidan beri koʻrilmagan eng ogʻir bozor shokiga duch kelmoqda. Barchasi AQShning 47 prezidenti Donald Tramp tomonidan aprel boshida eʼlon qilingan proteksionistik boj tariflari bilan bogʻliq.

Hammasi nimadan boshlandi?

2 aprel kuni Tramp Jahonning barcha davlatlariga, hatto pingvinlarga ham 10 foizlik boj tariflarini joriy qilganini eʼlon qildi. Xitoy(34%), Yaponiya(24%) va Yevropa ittifoqi(20%) mamlakatlari kabi davlatlarga esa qarshi javob tariqasida qoʻshimcha bojlar joriy qilindi

Buning natijasida esa Xitoydan kiritiladigan tovarlarga umumiy hisobda 54 foizlik boj solinadigan boʻldi. Bunga javob tariqasida esa, Rasmiy Pekin AQSh mahsulotlariga 34 foizlik boj joriy qildi. Bundan gʻazablangan Tramp esa Xitoyga yana qoʻshimcha 50 foizlik boj bilan tahdid qilmoqda. Agar bu amalga oshgudek boʻlsa umumiy bojlar 104 foizga yetadi

Mazkur tariflar AQShning oʻrtacha samarali boj stavkalarini 2 foizdan 24% gacha oshirib, 1910 yildan buyon eng yuqori darajaga yetkazdi. Mazkur koʻtarilish AQSh savdo siyosatida soʻnggi yuz yillikdagi eng keskin burilish sifatida eʼtirof etilmoqda.

Bozor reaksiyasi

Bozorlarning tariflar eʼloniga reaksiyasi juda yomon boʻldi. AQSh fond bozori Prezident qasamyod kunidan beri 9,6 trillion dollar qiymatini yoʻqotdi. Shundan 5 trillion dollari 2 apreldan 4 aprelgacha boʻlgan davrda yoʻq boʻldi. Bu MarketWatch maʼlumotlariga koʻra, "tarixdagi eng katta ikki kunlik yoʻqotish" hisoblanadi.

3 aprel kuni, "Ozodlik kuni"dan bir kun oʻtib, fond bozori katta shoʻngʻishni boshladi. Eng ishonchlilardan deb qaraladigan NASDAQ indeksi dastlabki ikki kunda umumiy hisobda 10 foizga quladi. 

Texnologiya sohasiga ixtisoslashgan Nasdaq allaqachon ayiq bozoriga tushib boʻldi — u 16 dekabrdagi choʻqqisidan 20 foizdan koʻproq pasaygan.

Iqtisodiyot va moliyada "ayiq bozori" atamasi aksiyalar narxining sezilarli va davomli pasayishi — odatda yaqin vaqtdagi yuqori koʻrsatkichlardan 20% yoki undan koʻproqqa tushishi — hamda investorlar ishonchining pastligi bilan tavsiflanadigan davrni anglatadi. Bu holat koʻpincha iqtisodiy inqiroz, retsessiya xavfi yoki investorlarning salbiy kayfiyati bilan bogʻliq boʻladi.

Boshqa yetakchi fond birjalari S&P 500 va Dow Jones indekslari hali bu darajaga yetib kelmagan boʻlsa-da, ular ham juda kech qolmasligi mumkin. S&P 500 indeksi 19 fevraldagi oʻzining eng yuqori koʻrsatkichidan 17 foizga pasaygan boʻlsa, Dow indeksi 4 dekabrdan buyon 15 foizga tushgan.

Texnogigantlar ham qulamoqda

"Buyuk yettilik" nomi bilan tanilgan texnologiya gigantlarining elita guruhi - Apple (AAPL), Microsoft (MSFT), Amazon (AMZN), Alphabet (GOOGL), Tesla (TSLA), Nvidia (NVDA) va Meta (META) Tramp hokimiyatga kelganidan beri katta yoʻqotishlarga uchramoqda.

Aksiyalardagi pasayish — 4 aprel holatiga koʻra/Manba: Bankrate.com

Mazkur yettilik ham Ayiq bozori hududiga kirib boʻlgan. Ularning har biri kamida oxirgi eng katta miqdordan 20 foiz pastga tushgan. Garchi ayni paytda ayrim aksiyalar narxi biroz oʻsishga erishgan boʻlsada bu keskin tushishni qoplash uchun yetarli emas. 

Global inqiroz yaqinlashmoqdami?

Dunyoning yetakchi banklaridan biri hisoblangan J.P Morgan oʻzining iqtisodiy retsessiya boʻyicha prognozini 40 foizga oshirgan

Undan tashqari, Goldman Sachs moliyaviy sharoitlarning keskinlashuvi, siyosatdagi noaniqlikning kuchayishi va kuchga kirishi kutilayotgan yangi tariflar bilan bogʻliq kapital xarajatlarining kutilayotgan qisqarishi kabi omillar tufayli retsessiya ehtimoli boʻyicha prognozini 35 foizdan 45 foizgacha yangiladi.

Moody’s Analytics bosh iqtisodchisi Mark Zandi 2025-yilgi retsessiya ehtimolini 2025 yil mart oyida yil boshidagi 15 foizdan 40 foizgacha qayta koʻrib chiqdi. Bu oʻzgarish yomonlashayotgan sharoitlarni, jumladan, isteʼmol xarajatlarining sekinlashishi, inflyatsiyaning oshishi va Tramp maʼmuriyati siyosatining tariflar va federal ish oʻrinlarini qisqartirish kabi iqtisodiy oqibatlarini aks ettiradi. 

AQSh sobiq moliya vaziri Larri Sammers ham xuddi shunday tarzda “mutlaqo samarasiz” iqtisodiy siyosatni sabab qilib, retressiya xavfi 50-50 ekanligini taʼkidlagan. 

Koʻrinib turganidek mazkur boj tariflari hech qaysi davlat uchun foydali boʻlmaydi. Inqirozni oldini olishning yagona yoʻli esa murosaga kelishdir.

Hozircha global darajadagi toʻliq iqtisodiy inqiroz belgilari kuzatilmayapti. Biroq, AQSh bozorlarining bu tarzdagi silkinishi tarixan boshqa mamlakatlarga ham domino effektini keltirib chiqargan. 2007–2009 yillardagi moliyaviy inqirozda ham bu holat aynan AQShdan boshlangan edi.

Shu bois, klassik ibora yana esga tushmoqda:

When America sneezes, the world catches a cold – Agar Amerika aksirsa, butun dunyo shamollaydi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+